O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 27 sentyabr kuni imzolangan “O`zbekiston Respublikasining BMT va uning tuzilmalari, xalqaro moliya institutlari va boshqa tashkilotlar bilan hamkorligini yanada mustahkamlash va rivojlantirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi qarori bilan tasdiqlangan BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida bildirilgan O`zbekiston Respublikasi tashabbuslarini ilgari surish va BMTning Inson huquqlari bo`yicha Oliy komissari bilan muzokaralar yakuni bo`yicha erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish bo`yicha amaliy chora-tadbirlar rejalari (“Yo`l xaritasi”) doirasida Ombudsman qiynoqlarni oldini olish bo`yicha milliy preventiv mexanizmni shakllantirishga kirishdi, deb yozadi O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo`yicha vakili(Ombudsman) rasmiy sayti.
Mazkur mexanizm quyidagilarni nazarda tutadi:
- Jazoni o`tash, qamoqda saqlash muassasalari va maxsus qabulxonalarda qonunchilik bilan kafolatlangan inson huquq va erkinliklarini ta`minlanganligini o`rganish bo`yicha monitoring ishlarini tashkillashtirish;
- Ushlab turilgan, qamoqqa olingan, ma`muriy qamoqqa olingan va ozodlikdan mahrum qilingan shaxslarning qiynoq va zo`ravonlik holatlari bo`yicha murojaatlarining maxsus tartibi;
- Ombudsmanning ushbu yo`nalish bo`yicha parlament nazoratining boshqa subektlari, fuqarolik jamiyati institutlari va OAV bilan hamkorligi, shuningdek boshqa chora-tadbirlar.
Ombudsman mazkur sohada mavjud tajribani umumlashtirish, xorijiy mamlakatlar amaliyotini keng va har tomonlama o`rganishni ham rejalashtirgan.
O`zbekiston Respublikasining qonunchilik bazasi orqali Ombudsmanning qiynoqlarni oldini olish bo`yicha olib borilayotgan ishlarda qatnashishi uchun zarur huquqiy asos yaratilgan. Xususan, 2017–2021 yillarda O`zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo`nalishi bo`yicha Harakatlar strategiyasini “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili”da amalga oshirishga doir Davlat dasturiga muvofiq qabul qilingan “O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo`yicha vakili (ombudsman) to`g`risidagi” O`zbekiston Respublikasi qonuniga o`zgartirish va qo`shimchalar kiritish haqida”gi O`zbekiston Respublikasi Qonuni Ombudsman tomonidan mahbuslar murojaatlarini ko`rib chiqilishiga bag`ishlangan alohida moddaga ega. Unga ko`ra, ushlab turilgan, qamoqqa olingan, ma`muriy qamoqqa olingan va ozodlikdan mahrum qilingan shaxslar Ombudsmanga yozma (xat va telegrammalar) shaklda cheklanmagan miqdorda murojaat yo`llashi mumkin.
Jazoni o`tash, qamoqda saqlash muassasalari va maxsus qabulxonalar Ombudsmanga ushlab turilgan, qamoqqa olingan, ma`muriy qamoqqa olingan va ozodlikdan mahrum qilingan shaxslar murojaatlarini muhrlangan holatda 24 soatdan kechiktirmasdan jo`natadi. Telegrammalar shu zahotiyoq jo`natilishi belgilangan. Ombudsman javobi jazoni o`tash muassasalari tomonidan ko`rilishiga yo`l qo`yilmaydi va olingan zahoti murojaat egasiga topshiriladi.
Ombudsman murojaatlarni o`rganib chiqish davomida jazoni o`tash, qamoqda saqlash muassasalari va maxsus qabulxonalarga hech qanday to`siqlarsiz tashrif buyurish huquqiga ega. Mazkur muassasalar ma`muriyati Ombudsman xavfsziligini ta`minlaydi.
Jazoni o`tash, qamoqda saqlash muassasalari va maxsus qabulxonalar Ombudsmanga mahbuslar bilan shaxsiy qabul va uchrashuvlarni amalga oshirish uchun barcha zarur shart –sharoitlarni yaratib berishga majbur. Muassasa xodimlari uchrashuv va qabul jarayonini ko`rishi mumkin, ammo eshitishi ta`qiqlanadi.
Umuman olganda, qiynoqlarni oldini olish bo`yicha milliy preventiv mexanizmning shakllantirilishi huquqni muhofaza qilish idoralari tomonidan operativ-qidiruv faoliyatini va jazoni o`tashga oid vazifalarni amalga oshirishda inson huquq va manfaatlarining buzilishi holatlarini oldini olishga, milliy qonunchilikni xalqaro huquqiy-me`yoriy hujjatlar bilan muvofiqlashtirishga xizmat qiladi.






