4 oktyabr kuni "Darakchi" nashri binosiga Neapol shahridagi «L’Orientale» Davlat Universitetining Osiyo, Afrika va O`rta Er dengizi mamlakatlari bilan ishlash boshqarmasi vakili Bruno Genito tashrif buyurdi.
O`zEOAVMA tomonidan faxriy mehmon, professor arxeolog Bruno Genitoga “O`zbekiston obidalaridagi bitiklar” kitoblar to`plami taqdim etildi.

Uchrashuv chog`ida loyiha hammuallifi Komiljon Rahimov professor Genitoga loyiha tafsilotlari haqida so`zlab berdi.
Eslatib o`tamiz: “O`zbekiston obidalaridagi bitiklar” turkumidagi kitoblar loyihaning birinchi bosqichini qamrab oladi. Ushbu loyiha bo`yicha ishlar ikkinchi bosqichida davom ettiriladi va keyingi kitob-albomlar O`zbekiston bo`yicha dastlabki jildlarga kiritilmagan obidalardagi bitiklarga bag`ishlanadi. Umumiy hisobda 25 jildli kitob-albomlar chop etilishi rejalashtirilgan.
Loyiha O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2011 yil 6 apreldagi Qarori asosida amalga oshirilmoqda.
“O`zbekiston obidalaridagi bitiklar” loyihasi doirasida hukumat va jamoat tashkilotlari ko`magida mamlakatimizdagi me`morchilik obidalaridagi bitiklarni o`rganish va umumlashtirish, turkum kitob-albomlar ko`rinishida taqdim etish bo`yicha keng qamrovli ishlar olib borilmoqda. Bungacha biror-bir musulmon mamlakatida ana shunday ishlarga qo`l urilmagan.






