560 MLN. SO`MLIK TILLA TAQINChOQLARNI NOQONUNIY OLIB O`TAYoTGAN AYoL QO`LGA OLINDI

Jinoyat 10.10.2017, 07:05
560 MLN. SO`MLIK TILLA TAQINChOQLARNI NOQONUNIY OLIB O`TAYoTGAN AYoL QO`LGA OLINDI

Amaldagi tartib-qoidaga muvofiq, bojxona chegaralarini kesib o`tish paytida jismoniy shaxslar tomonidan to`ldiriladigan bojxona deklarasiyasining 5-bandida har qanday ko`rinishdagi va holatdagi qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlardan yasalgan buyumlarning miqdori aniq ko`rsatilishi shart.

Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida Turkiyadan uchib kelgan Iroda Qurbonova (ism-sharifi o`zgartirilgan) tilla taqinchoqlarni yashirib olib o`tayotganda bojxonachilar tomonidan fosh qilindi.

I.Qurbonovaning ust kiyimi xolislar ishtirokida ko`zdan kechirilganda, uning cho`ntaklariga bir nechta polietilen o`ramlari ustalik bilan joylangani aniqlandi. O`ramlarda yo`lovchi bojxona deklarasiyasida ko`rsatilmagan va bojxona xodimlarining og`zaki so`rovi paytida ma`lum qilinmagan, umumiy og`irligi 2,5 kilogramdan ortiq bo`lgan tilla taqinchoqlar yashirilganligi aniqlandi.

Iroda ushbu nayrangi yordamida mamlakatimizga 254 juft zirak, 253 dona uzuk, 26 dona kulon, 19 dona zanjir va 3 dona bilaguzukni yashirincha olib kirishga uringan edi. Dastlabki hisob-kitoblarga ko`ra, ushbu tilla buyumlarning umumiy qiymati taxminan 560 million so`mdan oshishi aniqlandi. Hozir ushbu holat yuzasidan bojxona tekshiruvlari va surishtiruv jarayonlari davom ettirilmoqda.

O`zbekiston Respublikasi hududiga jismoniy shaxslar tomonidan tovarlarni aksiz solig`i solinmasdan olib kirishning ruxsat etilgan me`yorlariga muvofiq umumiy og`irligi 30 grammdan ortiq bo`lmagan 5 donagacha zargarlik buyumini olib kirishga ruxsat etiladi.

Ta`kidlash joizki, Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida yil boshidan buyon bojxonachilar tomonidan huquqni muhofaza qiluvchi boshqa idoralar vakillari bilan hamkorlikda aniqlangan 90 dan ortiq bojxona qoidabuzarligi natijasida qiymati 1,8 milliard so`mlikdan ko`p salkam 30 kilogramm og`irlikdagi tilla va zargarlik buyumlarining noqonuniy olib o`tilishiga chek qo`yilgan.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1