O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivoji bilan tanishish, istiqboldagi vazifalarni belgilash maqsadida 14 oktyabr kuni Xorazm viloyatiga keldi. Bu haqda Prezidentning rasmiy sayti e`lon qildi.
Xorazm yirik sanoat korxonalari, transport va kommunikasiya tizimlari, kichik biznes salohiyati bilan mamlakatimiz taraqqiyotida muhim o`rin tutadi. “GM Uzbebekistan” aksiyadorlik jamiyatining Xorazm filiali, “UzXMG” ekskavator zavodi, “O`zteks Shovot”, “Xorazm maishiy texnika” korxonalari, “Xorazm shakar” qo`shma korxonasida ichki va tashqi bozorda xaridorgir mahsulotlar ishlab chiqarilmoqda. Murakkab iqlim sharoitiga qaramay viloyat dehqonlari qishloq xo`jaligida mo`l hosil etishtirmoqda.
Davlatimiz rahbari 2017 yil 27-28 yanvar kunlari Xorazmga tashrifi chog`ida viloyat iqtisodiyotini rivojlantirish, sanoat va qishloq xo`jaligini tarkibiy o`zgartirish, ijtimoiy ob`ektlar barpo etish va infratuzilmani yaxshilash, aholi turmush darajasini oshirish bo`yicha qator vazifalarni belgilab bergan edi.
Shunga muvofiq, o`tgan davrda hududda ko`plab yangi korxonalar, kichik biznes sub`ektlari, ko`p tarmoqli fermer xo`jaliklari tashkil etildi. Turizm, to`qimachilik, baliqchilik, parrandachilik, irrigasiya va boshqa sohalarda istiqbolli loyihalar amalga oshirildi. Uy-joylar, shifoxonalar, maktab va san`at dargohlari qurildi. Yana qator loyihalar bo`yicha ishlar davom ettirilmoqda.
Prezidentimizning Xorazm viloyatiga safari davomida avvalgi tashrifda belgilangan rejalar qanday amalga oshirilayotgani bilan tanishishi, hudud taraqqiyotini yangi bosqichga ko`tarish bo`yicha istiqboldagi dolzarb vazifalar belgilanishi rejalashtirilgan.