Joriy yilning 10-17 oktyabr kunlari Buyuk Britaniyaning Brekon shahrida qo`shin razvedkachilari o`rtasida bo`lib o`tgan “Kembriya patruli” xalqaro tanlovida O`zbekiston vakillari ham munosib ishtirok etishdi.
Mazkur musobaqada 29 mamlakatdan 139 ta jamoa qatnashdi. Unda mamlakatimiz qo`shin razvedkachilari bilan birga Armaniston, Birlashgan Arab Amirliklari, Moldova va Filippin harbiy xizmatchilari ham ilk bor qatnashdi.
Qariyb 40 yildan beri o`tkazib kelinayotgan “Kembriya patruli” tanlovi eng qiyin va nufuzli musobaqalar sirasiga kiradi. Tanlovda harbiy xizmatchilarning jismoniy tayyorgarligiga alohida e`tibor qaratilishi tufayli uni maxsus bo`linmalarga qabul qilish jarayoni bilan qiyoslashadi.
Kembriya tog`lari juda og`ir iqlim sharoiti bilan ajralib turadi. Kunduzi quyosh deyarli ko`rinmaydi, har zamon yomg`ir shiddat bilan yog`adi, hududi botqoqlik va o`rmondan iborat, o`tishga qiyinchilik tug`diradi. Shu bois tanlovda ishtirok etayotgan ko`plab jamoalar finalga etib bora olmay, musobaqani tugashidan oldin tark etishadi.
Unda ishtirokchilar qurol-aslahalarni taqib, navigasiya vositalarisiz Kembriya tog`lari bo`ylab etakchilik qobiliyati, amaliy ko`nikmasi hamda ruhiy va jismoniy quvvatini sinovdan o`tkazib,
Marsh yurish davomida har bir jamoa tog`li va suv to`siqlaridan o`tish, hudud razvedkasini olib borish, shartli dushman joylashgan hududni aniqlash va ularni yo`q qilish bo`yicha o`quv-jangovar operasiyalarni amalga oshirish, shartli yaradorlarga birinchi tibbiy yordam ko`rsatish, noqonuniy kuchlar tomonidan garovga olinganlarni ozod etish, murakkab tog`li hududlarda pistirmalarni tashkil etish kabi vazifalarni bajardi.
Tanlovning yakuniga ko`ra O`zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi qo`shin razvedkachilaridan iborat jamoa, birinchi bor mazkur musobaqada ishtirok etishiga qaramay, Italiya jamoasi bilan birga faxrli ikkinchi o`rinni qo`lga kiritdi (tanlov shartiga ko`ra har bir sovrinli o`rin ikkita jamoaga beriladi). Bu haqda O`zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Shohsupaning eng yuqori pog`onasi va uchinchi o`rin 111 ta jamoa bilan ishtirok etgan Buyuk Britaniya harbiylariga nasib etdi.
Tanlovning g`olib va sovrindorlari tashkilotchilar tomonidan esdalik medallari va faxriy yorliqlar bilan taqdirlandi.
Eslatib o`tamiz, O`zbekiston Mudofa vazirligi qo`shin razvedkachilarining bu muvaffaqiyati birinchisi emas. Undan oldin ular joriy yilning 29 iyul – 12 avgust kunlari Novosibirsk shahrida (Rossiya) bo`lib o`tgan III Xalqaro armiya o`yinlari dasturidan o`rin olgan “Qo`shin razvedkasi a`lochilari” tanlovida (Rossiya Federasiyasi va Xitoy Xalq Respublikasidan keyin) uchinchi o`ringa sazovor bo`lishgan edi.