Ma`lumki, shu yilning 18 oktyabr kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev raisligida sog`liqni saqlash tizimini yanada takomillashtirish, tibbiy xizmat sifati va samaradorligini oshirish, aholi salomatligini mustahkamlash, sifatli dori-darmon bilan ta`minlash borasidagi islohotlar tahliliga bag`ishlangan yig`ilish o`tkazildi.
Uchrashuvda davlatimiz rahbari onalik va bolalikni muhofaza qilish, shoshilinch tibbiy yordamni takomillashtirish, birlamchi tibbiyot tizimini yanada yaxshilash, aholini sifatli va arzon dori-darmon vositalari bilan ta`minlash, xususiy sektor va ixtisoslashtirilgan tibbiy yordamni rivojlantirish borasida hal etilishi lozim bo`lgan masalalarni ko`ndalang qo`yib, topshiriqlar berdi.
Shu munosabat bilan, Sog`liqni saqlash vazirligining navbatdan tashqari Hay`at yig`ilishi bo`lib o`tdi. Unda Qoraqalpog`iston Respublikasi Sog`liqni saqlash vaziri, Toshkent shahar Sog`liqni saqlash Bosh boshqarmasi va viloyatlar Sog`liqni saqlash boshqarmasi boshliqlari, Respublika tasarrufidagi davolash-profilaktika muassasasi rahbarlari, ilmiy tekshirish institutlari hamda ixtisoslashtirilgan tibbiyot markaz direktorlari ishtirok etdi.
Yig`ilish sog`liqni saqlash vaziri A.Shadmanov raisligida o`tkazildi. Bu haqda Sog`liqni saqlash vazirligi Axborot xizmati xabar berdi.
Davlatimiz rahbari tomonidan ko`tarilgan masalalar, o`rtaga tashlangan muammolar va ularni hal etish chora-tadbirlari, bunda vazirlik tizimidagi har bir rahbar-xodimning javobgarligi, mas`uliyati haqida sog`liqni saqlash vaziri A.Shadmanov ma`ruza qildi.
Ta`kidlanganidek, Prezidentimizning tibbiyot xodimlari bilan o`tkazgan videoselektor yig`ilishlari tizimning bugungi holatini tahlil qilib, mavjud masalalarni hal etishda, xalqimiz salomatligini yanada mustahkamlash yo`lida olib borilayotgan sa`y-harakatlarni yangi bosqichga olib chiqishda muhim burilish yasab bermoqda. Bugun tibbiyot xodimlari ushbu yig`ilishlarda belgilangan vazifalarni bekamu ko`st ado etib, xalqimizning roziligini olish yo`lida xizmat qilmog`i kerak.
— Barchamiz guvohi bo`lib turibmiz, shu o`tgan qisqa vaqt ichida prezidentimiz tibbiyot xodimlari bilan 4 marotaba uchrashuv o`tkazdi. Ushbu yig`ilishlarning har birida barchamizni o`ylantirayotgan, xalqimizning haqli e`tirozlariga sabab bo`layotgan dolzarb masalalar ko`tarildi, — deydi sog`liqni saqlash vaziri A.Shadmanov. — Xususan, kuni kecha bo`lib o`tgan yig`ilish olib borilgan islohotlar va ularning tahliliga bag`ishlandi. To`g`ri, harakatlarimiz natijasiz ketmadi. Xalqimizning salomatlik ko`rsatkichlarida ishimiz samarasi ko`rinmoqda. Ammo endi xonada o`tirib, hisobot va raqamlarga tayanib ish ko`rishimiz mumkin emas. Bunday ishlash mezoni xalqni qoniqtirmaydi. Faoliyatimizning bahosini xalqimiz berishi kerak. Mana shu tizim bizning haqiqiy yuzimiz — ishimizning ko`zgusi bo`ladi.
Hay`at yig`ilishi davomida murojaatlar bilan ishlash, ijro intizomi, aholining reproduktiv salomatligini mustahkamlash, onalik va bolalik muhofazasi, tibbiyotning xususiy sektorini rivojlantirish kabi masalalar bo`yicha ma`ruzalar tinglanib, muhokama qilindi.
Yig`ilish yakunida joylarda aholi salomatligini yanada yaxshilash, har bir oilaga kirib borish va muloqot o`rnatishga qaratilgan ishlarni tizimli tashkil qilish borasida muhim vazifalar belgilandi. Davlatimiz rahbarining topshiriqlarini o`z vaqtida bajarish, tibbiyot xodimi faoliyati samarasi xalq fikri orqali baholanadigan tizim shakllantirish, bunda tibbiyotning barcha bo`g`ini, ayniqsa birlamchi tibbiy-sanitariya xizmatiga alohida e`tibor qaratish ta`kidlandi.
Mamlakatimizda qabul qilinayotgan me`yoriy hujjatlarda belgilangan vazifalar o`z vaqtida, sifatli bajarilishida Sog`liqni saqlash vazirligi tizimidagi har bir xodim mas`uliyatni chuqur his etib, ishlashi lozimligi, asosiy mezon — xalq roziligi ekani qayd etildi.