Shaxmat bo`yicha jahon va Osiyo chempionatlari g`olibi, xalqaro shaxmat ustasi Javohir Sindorovga Prezidentimiz sovg`asi topshirildi.
Shu munosabat bilan Shaxmat bo`yicha respublika ixtisoslashtirilgan bolalar-o`smirlar sport maktabida tadbir bo`lib o`tdi. Unda O`zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport davlat qo`mitasi raisi R.Qurbonov ishtirok etdi. Bu haqda O`zA xabar beradi.
Davlatimiz rahbarining shu yil 3 iyundagi «Jismoniy tarbiya va ommaviy sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to`g`risida»gi, 10 avgustdagi “Nufuzli xalqaro sport musobaqalarida yuksak natijalarga erishgan O`zbekiston sportchilarini jamoat va sport ishlariga keng jalb etish hamda sportchilarni va ularning trenerlarini rag`batlantirish to`g`risida”gi qarorlari soha rivojida muhim dasturilamal bo`lmoqda.
To`rt yarim yoshidan shaxmat bilan muntazam shug`ullanib kelayotgan Javohir Sindorov 2012 yil Hindistonda maktab o`quvchilari o`rtasida o`tkazilgan Osiyo chempionatida oltin va kumush medallarga sazovor bo`ldi. 2013 yil Eronda shaxmat bo`yicha 18 yoshgacha o`g`il-qizlar o`rtasida o`tkazilgan Osiyo chempionatida kumush medalni qo`lga kiritdi.
2014 yil Gresiyada maktab o`quvchilari o`rtasida shaxmatning rapid va blis yo`nalishlari bo`yicha o`tkazilgan jahon chempionatida Javohir Sindorov biryo`la ikkita oltin medalni qo`lga kiritdi. Braziliyada maktab o`quvchilari o`rtasida o`tkazilgan shaxmat bo`yicha jahon chempionatida ham oltin medalga sazovor bo`ldi. 2015 yil Tailandning Pattayya shahrida shaxmat bo`yicha maktab o`quvchilari o`rtasidagi jahon chempionatida yana shohsupaning eng yuqori pog`onasiga ko`tarildi. 2016 yil Rossiyada o`tkazilgan maktab o`quvchilari o`rtasidagi jahon chempionatida kumush medal bilan taqdirlandi.
2017 yilgi sport mavsumi ham shaxmatchimiz uchun muvaffaqiyatli bo`lmoqda. Javohir aprel oyida poytaxtimizda shaxmat bo`yicha 8-18 yoshgacha o`g`il-qizlar o`rtasida o`tkazilgan Osiyo chempionatida ikkita oltin medalni qo`lga kiritdi.
Yaqinda Turkiyaning Antaliya shahrida o`tgan Xalqaro shaxmat federasiyasi – FIDEning 88-Kongressida yosh shaxmatchimiz Javohir Sindorovga xalqaro shaxmat ustasi unvoni berilgani e`lon qilindi.
Jahon va Osiyo chempionati g`olibi, xalqaro shaxmat ustasi Javohir Sindorov Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev tomonidan eng so`nggi rusumdagi zamonaviy noutbuk (Macbook) bilan taqdirlandi.