Demokratik Respublika Kongo terma jamoasi AQSh tomondan Ebola virusi tarqalishi sababli ilgari surilgan 21 kunlik karantin talabiga qaramay, Jahon chempionatiga tayyorgarlik rejasini o‘zgartirmasligini ma’lum qildi.
Reuters agentligining xabar berishicha, milliy jamoa vakillari mashg‘ulotlar rejasi avvalgidek qolishini tasdiqlagan. Jamoa belgilab qo‘yilgan o‘rtoqlik o‘yinlarini ham o‘tkazadi. 3 iyun kuni Lyejda (Belgiya) Daniyaga qarshi va 9 iyun kuni Kadisda (Ispaniya) Chiliga qarshi bahslar bo‘lib o‘tadi.
Rejadagi yagona o‘zgarish — Kinshasaga amalga oshirilishi kerak bo‘lgan uch kunlik safarning bekor qilinishi bo‘ldi. U yerda terma jamoa uchun Jahon chempionati oldidan ilk marta o‘tkazilishi rejalashtirilgan tantanali kuzatuv marosimi tashkil etilishi kutilgan edi. Bu qaror AQSh ogohlantirishidan oldin qabul qilingan.
Jamoa rahbariyatining ta’kidlashicha, tarkibdagi hech bir futbolchi Ebola avj olgan davrda DR Kongo hududida bo‘lmagan. Bosh murabbiy Sebastyen Dezabr boshchiligidagi butun jamoa asosan Yevropada, mashg‘ulot jarayonlarida ishtirok etmoqda. Shu bilan birga, bir nechta rasmiylar yaqin kunlarda Belgiyadagi yig‘inga to‘g‘ridan-to‘g‘ri DR Kongodan yetib kelgani ma’lum qilindi.






