1

“Sog`lom bola yili” Davlat dasturi doirasida 4 509,2 mlrd. so`m hamda 302,9 mln dollar mablag` ajratiladi

Jamiyat 21.02.2014, 15:44
“Sog`lom bola yili” Davlat dasturi doirasida 4 509,2 mlrd. so`m hamda 302,9 mln dollar mablag` ajratiladi
Davlatimiz rahbari Islom Karimov tashabbusi bilan 2014 yilning mamlakatimizda Sog`lom bola yili deb e`lon qilinishi jamoatchiligimiz tomonidan keng qo`llab-quvvatlandi.

Joriy yilning 19 fevral kuni O`zbekiston Respublikasi Prezidentining “Sog`lom bola yili” Davlat dasturi to`g`risida”gi qarori qabul qilindi.  Shuni ishonch bilan aytish mumkinki, bu mustaqilligimizning ilk kunlaridan jismonan sog`lom va ma`nan etuk barkamol avlodni tarbiyalash ustuvor vazifa etib belgilangan ijtimoiy yo`naltirilgan davlat siyosatining mantiqiy davomi bo`ldi. Ona va bola, Yoshlar, Barkamol avlod, Oila va boshqa nomlar bilan atalgan yillarda amalga oshirilgan ishlar xalqimizning ezgu orzusi bo`lgan sog`lom bola tarbiyalashdek olijanob maqsadga hamohangdir. Hech shubhasiz, har birimiz farzandlarimizni sog`lom va har tomonlama barkamol qilib tarbiyalash, ularning baxt-saodati, yorug` kelajagini ko`rishni niyat qilamiz.

O`tgan davrda keng miqyosli va teran mazmunli ulkan ishlar, mamlakatimiz va jamiyatimiz taraqqiyoti uchun g`oyat muhim ahamiyat kasb etuvchi vazifalarni bajarishga yo`naltirilgan qator umummilliy dasturlar, birinchi navbatda, “Sog`lom ona - sog`lom bola” dasturi amalga oshirildi. Farzandlarimiz va xalqimiz baxti uchun, kelajagimiz uchun qilinayotgan bu ezgu ishlar izchillik bilan davom etib, tobora kengayib borayotgani, yuksak samaralar berayotgani quvonarlidir.

Sog`liqni saqlash tizimini tubdan isloh etish doirasida yuqori samaradorligi butun dunyoda e`tirof etilgan ona va bola sog`lig`ini muhofaza qilishning milliy modeli shakllantirildi. Ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari, sog`liqni saqlash tizimining birlamchi bo`g`inlari, shu jumladan,  qishloq vrachlik punktlari, oilaviy poliklinikalarning keng tarmog`i yaratilgani natijasida aholi, avvalambor qishloq joylardagi onalar va bolalarning malakali tibbiy xizmatdan foydalanish imkoniyatlari kengaydi.   

So`nggi o`n yilda davolash-profilaktika muassasalarini modernizasiya qilish  va eng zamonaviy uskunalar bilan jihozlash uchun 750 million AQSh dollaridan ziyod mablag` yo`naltirildi. Mustaqillik yillarida O`zbekistonda onalar o`limi 3,1 barobar, go`daklar o`limi 3,2 barobar kamaydi. “Ona va bola skriningi” dasturi amalga oshirilishi natijasida tug`ma nuqsonli bolalar tug`ilishi 2000 yildan buyon 1,8 marta kamaydi. Bugungi kunda mamlakatimiz bolalarining 92 foizi rivojlanish ko`rsatkichlari bo`yicha Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti standartlariga to`la mos keladi. «Save the children»  xalqaro tashkiloti reytingiga ko`ra, O`zbekiston dunyodagi bolalar salomatligi to`g`risida eng ko`p g`amxo`rlik ko`rsatadigan o`nta mamlakat qatoridan joy oldi.

Kadrlar tayyorlash milliy dasturi va Maktab ta`limini rivojlantirish umummilliy davlat dasturining amalga oshirilishi samaralari mamlakatimizda barkamol avlodni tarbiyalashga qaratilayotan ulkan e`tiborning yaqqol tasdig`idir. Ma`lumki, O`zbekistonda 12 yillik majburiy ta`lim joriy etilgan, uning sifati xalqaro talablarga javob beradi. 2004 yildan buyon umumta`lim maktablarini qurish, moddiy-texnik bazasini yaxshilash va jihozlash uchun jami 2,8 trillion so`mdan ortiq, bolalar musiqa va san`at maktablariga 2009 yildan buyon 488 milliard so`mdan ziyod mablag` yo`naltirildi.

Sport mamlakatimizda barkamol avlodni tarbiyalashning ajralmas tarkibiy qismiga aylangan. Uni bolalar va o`smirlar, ayniqsa, qizlar o`rtasida ommalashtirish, sog`lom turmush tarzini keng qaror toptirish bo`yicha noyob tizim yaratildi. Nafaqat shaharlarda, balki eng olis tumanlarda ham zamonaviy sport komplekslari barpo etildi. 2003-2013 yillarda 1816 sport ob`ekti ishga tushirildi, bu bolalarni ommaviy tarzda sport bilan muntazam shug`ullanishga va ularning salomatligini mustahkamlashga ko`maklashmoqda. Bugungi kunda O`zbekistonda ikki millionga yaqin bola, shu jumladan, 842 ming qizlar 30 dan ortiq  sport turi bilan muntazam shug`ullanmoqda.

Mamlakatimizda ma`naviyat va ma`rifatni yuksaltirishga, bolalarni milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalashga katta e`tibor qaratilmoqda.      

Shu bilan bir qatorda hayotning o`zi oldimizga sog`lom avlodni tarbiyalashdek muhim sohada yangi vazifalarni qo`ymoqda. Masalan, profilaktika ishlari darajasi va tibbiy xizmatlar sifatini, ayniqsa, qishloq joylarda yanada oshirish bilan bog`liq masalalar hamon dolzarb bo`lib turibdi. Nikohdan o`tuvchilarni tibbiy ko`rikdan o`tkazish sifatini yanada yaxshilash, ko`rikni amalga oshiruvchi mutaxassislar mas`uliyatini kuchaytirish lozim. Maktabgacha ta`lim muassasalari faoliyatini takomillashtirish, oila institutini mustahkamlash ishlari ham muhim ahamiyatga ega.

Ayni paytda sog`liqni saqlash tizimiga bolalarning sog`lig`ini ta`minlashdek ulkan mas`uliyat yuklangan. Shu munosabat bilan joriy yilda sohaning moddiy-texnik bazasini yanada mustahkamlash, avvalambor, ona va bola sog`lig`ini muhofaza qilish bilan shug`ullanuvchi tibbiyot muassasalarini eng zamonaviy uskunalar bilan jihozlash, malakali kadrlar bilan ta`minlashga e`tibor yanada kuchaytiriladi.

Albatta, sog`lom bolani tarbiyalashda aholining tibbiy madaniyati ham muhim o`rin tutadi, bu masala hanuz dolzarbligicha qolmoqda. 

“Sog`lom bola yili” Davlat dasturida ko`zda tutilgan chora-tadbirlar, avvalo shu muhim masalalarni hal qilishga qaratilgan.

Joriy yilda Davlat dasturini amalga oshirish jarayonida bu ishlarning barchasi yanada yuqori darajaga ko`tariladi. Dasturda avvalo ham jismoniy, ham ma`naviy jihatdan sog`lom, mustaqil fikrlay oladigan, yuksak intellektual salohiyatli, chuqur bilimli va zamonaviy dunyoqarashga ega, mamlakat taqdiri va kelajagi uchun mas`uliyatni o`z zimmasiga olishga qodir barkamol avlodni shakllantirish, davlat va jamiyatning barcha kuch va imkoniyatlarini ana shu maqsadlarga safarbar etishga doir keng miqyosli chora-tadbirlarni amalga oshirish ko`zda tutilgan.

Dastur etti bo`lim va 125 banddan iborat bo`lib, unda bolalar tug`ilishi, ta`lim-tarbiyasi, oilada sog`lom muhitni, uning iqtisodiy va ma`naviy-ahloqiy asoslarini mustahkamlash, ijtimoiy soha rivojiga ajratilayotgan mablag`lar samaradorligini oshirish bilan bog`liq barcha masalalar aks etgan.

Birinchi navbatda, sog`lom va barkamol avlodni tarbiyalash uchun qulay tashkiliy-huquqiy sharoitlar yaratishga qaratilgan qonunchilik va me`yoriy-huquqiy bazani yanada takomillashtirish, yangi qoida va me`yorlarni ishlab chiqish bo`yicha chora-tadbirlar belgilangan.

Sakkizta qonun loyihasini ishlab chiqish rejalashtirilgan. “Bolalarni jismoniy va ma`naviy rivojiga zararli ta`sir ko`rsatuvchi axborotdan himoya qilish to`g`risida”, “Aholining sanitariya-epidemiologik barqarorligi to`g`risida”, “O`zbekiston Respublikasining “Ta`lim to`g`risida”gi qonuniga o`zgartish va qo`shimchalar kiritish to`g`risida”, yangi tahrirdagi “Jismoniy tarbiya va sport to`g`risida”, “O`zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosati asoslari to`g`risida”gi  va boshqa qonunlar shular jumlasidandir.

“Bolalarni jismoniy va ma`naviy rivojiga zararli ta`sir ko`rsatuvchi axborotdan himoya qilish to`g`risida”gi qonunda bolalarni ularning ongini buzuvchi, ruhiy jarohat etkazuvchi axborot ta`siridan himoya qilish, ommaviy axborot vositalarida shafqatsizlik va zo`ravonlik targ`ibotiga yo`l qo`ymaslikning ta`sirchan tashkiliy-huquqiy mexanizmlari  ko`zda tutiladi.

“Sog`lom bola yili” Davlat dasturida oilada mehr-oqibat va o`zaro hurmat muhiti, yuksak ahloqiy va ma`naviy qadriyatlarni barqaror qilish, yosh oilalarni moddiy qo`llab-quvvatlash, onalik va bolalikni muhofaza qilish, ona va bola salomatligini mustahkamlash, xotin-qizlar o`z iqtidorini ro`yobga chiqarishi uchun zarur sharoitlar yaratish, ularning kundalik ro`zg`or yumushlarini engillashtirish kabi birinchi darajali vazifalar belgilangan.

Xotin-qizlar, bolalar va o`smirlarning sifatli tibbiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini yanada kengaytirish maqsadida har oyda sog`lomlashtirish haftaliklari tashkil etiladi, shuningdek, mamlakatimiz etakchi tibbiyot muassasalari mutaxassislari ishtirokida olis tumanlarda yashovchi 145 ming nafar aholi chuqurlashtirilgan tibbiy ko`rikdan o`tkaziladi.

Yangi oilaviy poliklinikalar, qishloq vrachlik punktlari, sanatoriya-kurort ob`ektlari barpo etish, mavjudlarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash ishlari davom ettiriladi.

Mamlakatimizda 130 madaniyat va dam olish markazlarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, o`n beshta yangi madaniyat va istirohat bog`larini barpo etish, mavjud yigirma to`qqiztasini rekonstruksiya qilish va ta`mirlash rejalashtirilgan.

Maishiy texnika ishlab chiqarish va uni xarid qilish uchun iste`mol kreditlari ajratishni kengaytirish hisobiga xotin-qizlarning maishiy sharoitlarini yaxshilash va ro`zg`or yumushlarini engillashtirishga katta ahamiyat berilmoqda. 194 tumandagi olis qishloqlarda go`zallik saloni, tikuvchilik, ta`mirlash ustaxonalari va boshqa xizmat ko`rsatish korxonalaridan iborat namunaviy maishiy xizmat majmualari ochiladi.

Qishloq oilalarini zamonaviy uy-joy bilan ta`minlash, ularning turmush darajasi va sifatini yuksaltirish borasidagi ishlar yangi bosqichga ko`tariladi. 2014 yilda namunaviy loyihalar asosida 11 ming yakka tartibdagi uylar quriladi. Ikki ming yosh oilaga uy-joy qurish va mamlakatimizda ishlab chiqarilgan uzoq muddat foydalaniladigan tovarlar xarid qilish uchun foizsiz ssudalar beriladi. Tumanlar markazlari va qishloqlarda suv ta`minoti va kanalizasiya tizimlarini yaxshilashga doir qator yangi loyihalar amalga oshiriladi.

Joriy yilda sog`lom farzandlar tug`ilishi va ularning salomatligini mustahkamlash uchun shart-sharoitlarni yanada yaxshilashga qaratilgan chora-tadbirlar amalga oshiriladi. MDH mamlakatlarida o`xshashi bo`lmagan zamonaviy ko`p tarmoqli bolalar markazini (IV darajali) qurish va uni yuqori texnologik tibbiyot uskunalari bilan jihozlash ko`zda tutilgan. Respublika ixtisoslashgan pediatriya ilmiy-amaliy markazining qator bo`linmalari, ToshPTI klinikalari, 13 viloyat ko`p tarmoqli bolalar tibbiy markazlari, 62 tuman tibbiyot birlashmalari va boshqa tibbiy va tibbiy-ijtimoiy muassasalar quriladi hamda tubdan ta`mirlanadi. Ularning barchasi zamonaviy diagnostika va davolash uskunalari bilan jihozlanadi, bu  bolalarga jahon standartlari darajasida ixtisoslashtirilgan yuqori texnologik tibbiy yordam ko`rsatish imkonini beradi.

Aholining sanitariya-epidemiologik barqarorligini ta`minlashning eng samarali vositalaridan biri yuqumli kasalliklar profilaktikasidir. Shu maqsadda turli infeksiyalarga qarshi yangi vaksinalarning bosqichma- bosqich joriy qilinishini hisobga olib, bolalarni emlash dasturini takomillashtirish zarur. Milliy emlash taqvimi asosida kontingentning kamida 97 foizini qamrab olgan profilaktik vaksinasiya qilish ko`lami kengaytiriladi.

Yil davomida maktabgacha ta`lim muassasalari tarbiyalanuvchilari va o`quvchilarning 6,6 millionga yaqini chuqurlashtirilgan tibbiy ko`rikdan o`tkaziladi, tarkibida yod moddasi bo`lgan dori-darmonlar vositasida sog`lomlashtiriladi. Qishloqlarda yashaydigan onalarning reproduktiv salomatligini mustahkamlash maqsadida 400 ming nafar homilador ayol maxsus polivitaminlar bilan bepul ta`minlanadi.

“Sog`lom bola yili” Davlat dasturida maktabgacha ta`lim muassasalarining moddiy-texnik bazasini bosqichma-bosqich mustahkamlash, shu jumladan, ularni tubdan ta`mirlash va jihozlash, yangilarini qurishga yo`naltirilgan aniq vazifalar belgilangan. Bolalarni maktabga tayyorlash bo`yicha mutlaqo yangi dasturlarning ishlab chiqilishi va joriy etilishi belgilangan bo`lib, ularda bolalarning aqliy, axloqiy, estetik va jismoniy  rivojlanishi ko`zda tutilgan. 

“Barkamol avlod” bolalar markazlarini shakllantirish dasturining amalga oshirilishi jarayonida 66 shunday markazlar tubdan ta`mirlanadi va jihozlanadi. Bu bolalarni ijodga, shu jumladan, texnik ijodiy ishlarga yanada keng jalb qilishga ko`maklashadi. 

Boshlang`ich sinflarda o`qitish sifatini yanada ko`tarish choralari belgilangan. Jumladan, 1-4 sinf o`quvchilari uchun o`quv dasturlari va darsliklarning qayta ko`rib chiqilishi, shuningdek, o`qituvchilar uchun tegishli uslubiy qo`llanmalar ishlab chiqilishi nazarda tutilgan.

2014/2015 o`quv yilida 2,6 million o`quvchi 575 nomdagi 25 million nusxa darsliklar va o`quv-uslubiy qo`llanmalar bilan ta`minlanadi. 

“Milliy umumta`lim elektron kutubxona” loyihasining amalga oshirilishi ham bolalarning intellektual rivojlanishiga ko`maklashadi. Loyihada turli bilim olishga oid  va o`quv materiallarini elektron formatga o`tkazish markazi, multimedia axborot resurslari markazi, shuningdek, integrasiyalashgan axborot-kutubxona tarmog`i tashkil etilishi, O`zbekistondagi barcha axborot-kutubxona muassasalarining 2020 yilgacha ushbu tarmoqqa ulanishi mo`ljallangan. 

Mamlakatimizda ota-ona mehridan mahrum va imkoniyati cheklangan bolalarga alohida g`amxo`rlik ko`rsatib kelinmoqda. 2015-2017 yillarda Mehribonlik uylari, ixtisoslashtirilgan maktab-internatlar va maktabgacha tarbiya muassasalarining moddiy-texnik bazasini bosqichma-bosqich mustahkamlash, rivojlangan davlatlarning ilg`or tajribasini hisobga olgan holda o`quv-tarbiya jarayonini tubdan takomillashtirish choralari ko`riladi. 

Bu yil rejalashtirilgan qator qiziqarli tadbirlar o`quvchilarning aqliy, ijodiy va sportga oid layoqatlarini rivojlantirishga qaratilgan. Namangan viloyatida o`tadigan “Barkamol avlod” sport o`yinlari, bolalar ijodiyoti respublika festivallari, “Ona yurt navolari” xalq cholg`u asboblari xalqaro tanlovi, “Eng yosh ixtirochi” tanlovi va boshqa tadbirlar shular jumlasidandir.

Davlat dasturida 60,1 mingta o`quv o`ringa mo`ljallangan 380 umumta`lim maktablarini rekonstruksiya qilish va ta`mirlash, ularni kompyuter texnikasi, o`quv-laboratoriya jihozlari va boshqa uskunalar bilan ta`minlash belgilangan. Bundan tashqari, 161 kasb-hunar kolleji va akademik lisey, 48 bolalar musiqa va san`at maktabi, 110 bolalar sport ob`ektlarini qurish, rekonstruksiya qilish va tubdan ta`mirlash rejalashtirilgan. 

Mamlakatimizda bolalarning chet tillarni o`rganishiga katta e`tibor qaratilmoqda. Shu maqsadda maktablardagi chet tillari xonalarini zamonaviy axborot-kommunikasiya va texnika vositalari bilan jihozlash ko`zda tutilgan. 

Boshlang`ich sinf o`quvchilarini qo`llab-quvvatlash bo`yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish davom ettiriladi. Jumladan, 586,9 ming nafar birinchi sinf o`quvchilariga o`quv jihozlari to`plamlari va 6,5 million nusxadagi darsliklar, umumta`lim maktablarining 500 mingdan ortiq 2-sinf o`quvchilariga chet tillar bo`yicha multimediali ilovali darsliklar bepul beriladi.

Yozgi ta`til davrida bolalarning hordiq chiqarishi va bo`sh vaqtlarini mazmunli o`tkazishini ta`minlash maqsadida sog`lomlashtirish oromgohlariga 280 ming nafar o`g`il-qiz imtiyozli, 35,7 ming nafari bepul yo`llanmalar bilan ta`minlanadi.

Toshkent va Termizdagi hayvonot bog`larining, Toshkentdagi botanika bog`ining rekonstruksiya qilinishi, Samarqand va Farg`onada Toshkent hayvonot bog`i filiallarining ochilishi, Zarafshon shahrida akvapark qurilishi, shuningdek, Respublika qo`g`irchoq teatri va «Tomosha» bolalar musiqali teatr studiyasining kapital ta`mirdan chiqarilishi mo`ljallangan. 

Xalqimizga xos bag`rikenglik, muhtojlarga ko`mak berish kabi fazilatlarni aks ettiruvchi ko`plab tadbirlarni o`tkazish rejalashtirilgan. Davlat byudjeti mablag`lari hisobidan kam ta`minlangan oilalar farzandlariga 516,9 ming to`plamdagi qishki kiyim va 3,1 million nusxada darslik, o`quv qurollari bepul beriladi. Mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilari va kam ta`minlangan oilalar farzandlarini xalqimizning boy tarixiy va madaniy merosi bilan tanishtirish maqsadida Samarqand, Buxoro, Xiva va Toshkent shaharlariga bepul sayohatlar, shuningdek, muzeylar, hayvonot  va botanika bog`lariga ekskursiyalar tashkil etiladi.

2014 yil noyabr oyida Toshkentda «Bola uchun ijtimoiy sheriklik: milliy va xorijiy ilg`or tajriba» mavzusida xalqaro forum o`tkaziladi. 

Mamlakatimiz uchun dolzarb ushbu vazifalarni oilalar, maktablar, sog`liqni saqlash tizimi, davlat va jamoat tashkilotlari, nodavlat notijorat tashkilotlari, fuqarolarning o`zini o`zi boshqarish organlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarining o`zaro hamkorligida amalga oshirish mumkin.

Davlat dasturida sog`lom bolani tarbiyalashda, oilalarga, birinchi navbatda, yosh oilalarga o`z vaqtida va manzilli moddiy hamda ma`naviy ko`mak berishda mahalla institutining huquq va imkoniyatlarini kengaytirishga, rolini oshirishga alohida e`tibor qaratilgan.

«Sog`lom bola yili» Davlat dasturida belgilangan ezgu ishlarning ro`yxatini yana uzoq davom ettirish mumkin.

Prezidentimiz Islom Karimov ta`kidlaganidek, biz tayanchimiz va suyanchimiz, g`ururimiz va iftixorimiz bo`lmish bolalarimizga, farzandlarimizga ishonch bilan, hurmat-e`tibor bilan qarashni kelajagimizga bo`lgan ishonch, millatimizga, xalqimizga bo`lgan hurmat-ehtirom ifodasi, deb bilamiz. 

«Sog`lom bola yili» Davlat dasturi buning yana bir yorqin tasdig`idir. Davlat dasturi doirasida amalga oshiriladigan tadbirlarga 4 509,2 milliard so`m va 302,9 million dollar miqdorida mablag` yo`naltiriladi. Mazkur dasturning bajarilishi mamlakatimiz uchun asosiy maqsadi inson huquq va manfaatlarini ta`minlashga qaratilgan keng ko`lamli islohotlar yo`lida navbatdagi muhim qadam bo`ladi.    

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1