AsosiyJamiyat

9 DEKABR – XALQARO KORRUPSIYaGA QARShI KURASh KUNI

'9 DEKABR – XALQARO KORRUPSIYaGA QARShI KURASh KUNI'ning rasmi

Toshkent viloyati bojxona boshqarmasida shaxsiy tarkibi o`rtasida tamagirlik, poraxo`rlik, xizmat va mansab vakolati doirasidan chetga chiqishlik kabi salbiy holatlarga yo`l qo`ymaslik, korrupsiyaga qarshi kurashish maqsadida Tashqi iqtisodiy faoliyat qatnashchilari ishtirokida navbatdagi profilaktik targ`ibot tadbiri bo`lib o`tdi.

Davlat bojxona qo`mitasi o`z xavfsizligi boshqarmasi, Toshkent viloyati prokuraturasi, Adliya boshqarmasi, jinoiy ishlari bo`yicha sudi vakillari ishtirokida tashkil etilgan tadbirda ta`kidlanganidek, O`zbekiston Respublikasining bojxona tizimi hozirgi kunda mamlakatimizning ichki bozorini himoya qiluvchi, davlat xazinasini to`ldiruvchi hamda boshqa bir qator muhim davlat ahamiyatiga molik vazifalarni bajaruvchi muhim huquqni muhofaza qiluvchi davlat organi hisoblanadi.

Mustaqilligimizning dastlabki kunlaridayoq tashkil etilgan mazkur tizim bugungi kunda takomillashib va rivojlanib, kuchli moddiy texnika bazasiga ega bo`lgan, bilimli va yuqori malakali xodimlar xizmat qiladigan nufuzli tashkilotga aylangan.

Hozirgi kunda bojxona xodimlari tomonidan Kontrabanda va bojxona qoidalari buzilishiga hamda bojxona chegaralari orqali tovarlarni noqonuniy olib o`tilishiga qarshi kurashish borasida boshqa huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat organlari, mahalliy hokimliklar bilan yaqindan hamkorlik o`rnatilib, Vatanimiz sarhadlari orqali respublikamiz hududiga qurol-yaroq, narkotik va psixotrop moddalar, diniy ekstremistik adabiyotlar hamda sifatsiz tovar-moddiy boyliklarini kirib kelishini oldini olish bilan birga, strategik ahamiyatga ega bo`lgan xom ashyolar, oziq-ovqat mahsulotlari va boshqa tarixiy axamiyatga ega bo`lgan yodgorliklarni noqonuniy olib chiqib ketilishini oldini olinmoqda.

Amalga oshirilayotgan islohotlarni chuqurlashtirish, mamlakatimizning yanada ravnaq topishida fidoyi va o`z kasbiga sadoqatli bojxona xodimlarining hissasi katta. Bunda Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi xodimlari ham o`z hissalarini qo`shib kelishmoqda.

Ushbu natijalarga tizimning samarali ishlashi, Davlat bojxona qo`mitasi tomonidan belgilab berilgan vazifalarni o`z vaqtida va to`liq bajarilishi hamda hukumatimizning bojxona organlariga qaratgan alohida e`tibori evaziga erishilgan.

Agar mustaqillikning dastlabki yillarida bojxona xodimlari chegara hududlarda oddiy vagon tipidagi postlarda faoliyat yuritgan bo`lsalar, bugungi kunga kelib zamonaviy texnik vositalar bilan jihozlangan, xodimlarning normal ishlashlari va dam olishlari uchun etarli sharoitlarga ega bo`lgan stasionar bojxona postlarida xizmat olib bormoqdalar.

Shunga qaramay, bojxona xodimlari orasida ham o`z xizmat vazifalaridan og`ishga urib, shaxsiy manffatlarini ustun qo`yishga urinayotgan xodimlar ham uchrab turganligi tadbirda afsus bilan qayd etildi.

2017 yilning o`tgan 11 oyi davomida Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi xodimlari tomonidan 31 marta xizmat intizomi buzilganligi aniqlanib, xizmat intizomi buzilganligi, DBQ Hay`ati, Kengash qarorlari va yig`ilish bayonlari asosida jami 134 nafar xodim turli intizomiy jazolarga tortilgan bo`lib, shundan 7 nafar xodim tizimdan bo`shatilgan.

Xodimlar tomonidan jinoyat sodir etilishining oldini olish, muhitni sog`lomlashtirish, nojo`ya harakatlariga chek qo`yish maqsadida o`tgan davrda 12 nafar xodim boshqa lavozimga, 2 nafar xodim esa boshqa hududiy boshqarmalarga navbatdan tashqari rotasiya tartibida o`tkazilib yuborilgan.

Tadbirda davlatimiz tomonidan yaratib berilgan qulay va keng imkoniyatlardan foydalanib, faoliyatini olib borishi uchun bojxona tizimi ham mas`ul va javobgar hisoblanashi. Shu sababli faoliyatda uchrayotgan bojxona xodimlari tomonidan qo`yilgan sun`iy to`siqlar, tamagirliklar va boshqa salbiy holatlar haqida kunu tun ishlab turgan 235-0761, 120-86-10 va 120-86-24 raqamli ishonch telefonlari orqali xabar berishi kerakligi ta`kidlab o`tildi.

Tadbir yakunida ishtirokchilar dolzarb mavzu yuzasidan o`zlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javoblar olishdi.

    Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

    Boshqa yangiliklar