AsosiyJamiyat

ANDIJONDA O`ZBEKISTON XALQ ShOIRI MUHAMMAD YuSUF XIYoBONI OChILDI

'ANDIJONDA O`ZBEKISTON XALQ ShOIRI MUHAMMAD YuSUF XIYoBONI OChILDI'ning rasmi

Yozuvchi va shoirlar, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, Muhammad Yusufning oila a`zolari, shogirdlari, ijodkor yoshlar, adabiyot ixlosmandlari ishtirok etgan tadbirda milliy adabiyotimizni rivojlantirish, kitobxonlik va mutolaa madaniyatini yuksaltirish, ijod ahliga munosib sharoit yaratishga alohida e`tibor qaratilayotgani ta`kidladi. Xususan, O`zbekiston xalq shoiri Muhammad Yusuf xotirasini abadiylashtirish, ijodini o`rganish va targ`ib etish borasida keng ko`lamli ishlarolib borilmoqda.

Prezidentimiz joriy yilning 2-3 iyun kunlari Andijon viloyatiga tashrifi chog`ida viloyat markazida Muhammad Yusuf nomidagi ona tili va adabiyoti fanini chuqurlashtirib o`qitishga ixtisoslashtirilgan maktab tashkil etish, yoshlarga uning ijodini, o`zbek adabiyotining yangi qirralarini chuqur o`rgatish, iste`dodli ijodkorlarni tarbiyalash yuzasidan topshiriqlar bergan edi.

Davlatimiz rahbarining taklifi asosida O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 25 iyulda «Andijon shahrida Muhammad Yusuf nomidagi ona tili va adabiyoti fanini chuqurlashtirib o`qitishga ixtisoslashtirilgan maktab va Muhammad Yusufning byusti o`rnatilgan xiyobonni tashkil etish to`g`risida»gi qarori qabul qilindi.

Zamonaviy o`zbek adabiyotining atoqli vakili Muhammad Yusuf xalq dardini oddiy va ravon tilda kuyladi, vatanparvarlik, go`zallik, muhabbat va sadoqatni o`zigagina xos betakror usulda tarannum etdi. Shoir bugun oramizda bo`lmasa-da, xalqimiz o`zining ardoqli farzandini aslo unutgani yo`q. Uning nomi, ijodi tillarda doston, asarlari minglab qalblarga quvonch, samimiyat, go`zallik ulashmoqda, she`rlari asosida yaratilgan qo`shiqlar hamon sevib tinglanmoqda.

Andijon shahrining Amir Temur ko`chasida Muhammad Yusuf nomidagi ona tili va adabiyoti fanini chuqurlashtirib o`qitishga ixtisoslashtirilgan maktab va Muhammad Yusufning byusti o`rnatilgan xiyobon barpo etilishi shoir xotirasini abadiylashtirish borasidagi ishlardan bir misol, xolos.


Maktab va xiyobon “Azimut stroy” mas`uliyati cheklangan jamiyati quruvchilari tomonidan qisqa vaqtda bunyod etildi. Qurilish va bunyodkorlik ishlari uchun 2 milliard 648 million so`mga yaqin mablag` sarflandi.

O`zbekiston Badiiy akademiyasi a`zosi, haykaltarosh Shohruxbek O`rozov tomonidan yaratilgan byust, shuningdek, ikkita favvora, manzarali gul va daraxt ko`chatlari o`tqazilgan mazkur xiyobon Andijon shahrining ko`rkiga-ko`rk qo`shish bilan birga, yosh ijodkorlarni tarbiyalaydigan ziyo maskaniga aylanishi shubhasiz.

– Joriy o`quv yilida maktabimizda 150 ga yaqin yosh tahsil olmoqda, – deydi Muhammad Yusuf nomidagi ona tili va adabiyoti fanini chuqurlashtirib o`qitishga ixtisoslashtirilgan maktab direktori Sh.Nurmatova. – Bilim dargohimizda umumta`lim fanlari bilan birga, adabiyot va badiiy ijod borasida puxta bilim olish uchun zarur sharoitlar yaratilgan.

Tadbir ishtirokchilari maktabda tashkil etilgan Muhammad Yusuf muzeyi, shoir ijodiga bag`ishlangan ochiq dars, Muhammad Yusuf izdoshlari adabiyot to`garagi faoliyati bilan tanishdi.

Tadbirda Andijon viloyati hokimi Sh.Abdurahmonov so`zga chiqdi.

    Boshqa yangiliklar