AsosiyJamiyat

SIFATIGA KIM KAFIL?

'SIFATIGA KIM KAFIL?'ning rasmi

Yurtimizga tashqaridan tovar-moddiy boyliklarni olib kirish bo`yicha aniq va samarali tartiblar ishlab chiqilgan bo`lib, bunda eng avvalo yurtdoshlarimiz salomatligi shuningdek, ichki ishlab chiqaruvchilar manfaatlari ustuvor ahamiyat kasb etadi.
Afsuski, ayni shu jihatni tushunib etmayotgan ayrim shaxslar ichki bozorni xorijning go`yoki arzon, ammo sifatiga hech qanday kafolat mavjud bo`lmagan mahsulotlar bilan to`ldirishga harakat qilayotgani achinarli.
Xalq bilan muloqot qilish, xalq davlat idoralari uchun emas, davlat idoralari xalq uchun ishlashi kerak degan hayotiy tamoyil so`ngi bir yil mobaynida ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning bosh g`oyasiga aylandi. Xususan, tadbirkorlarga ko`makchi bo`lish, ularni qiynayotgan muammoli masalalarni zudlik bilan bartaraf etish ustuvor vazifa sifatida belgilandi.
Mahalliy ishlab chiqaruvchilarimizni qiynayotgan muammolardan biri shunda-ki, ular tomonidan ishlar chiqilayotgan tovarlarga aynan turdosh xorijda ishlab chiqarilgan tovarlarni bojxona nazoratidan chetlab, olib kirishga urinish mamlakatimizdagi halol raqobat muhitiga o`zining salbiy ta`sirini o`tkazishi, shubhasiz.
Shu maqsadda, davlat bojxona xizmati organlari tomonidan chegara-bojxona postlarida jismoniy shaxslar tomonidan tijorat maqsadlari uchun ko`zlangan tovarlarni shaxsiy foydalanish uchun degan soxta niqob ostida olib kirishga bo`lgan urinishlarga o`z vaqtida chek qo`yilmoqda.
Tan olish kerak, so`nggi vaqtlarda ushbu bojxona kompleksida tashmachi deb nom olgan odamlar guruhi shakllandi-ki, ular bu erdan bir kunda bir necha bor qo`shni davlatga kirib-chiqib, turli mayda xalq iste`moli tovarlarini olib kirishni o`zlariga qo`shtirnoq ichida kasb qilib olishgan. Buni ularning pasporti sahifalarini to`ldirgan xorijga chiqish va kirish muhrlari ham tasdiqlaydi.
Har kuni bir necha bor duch kelaverishgani sababli ularning aksariyati bu erdagi bojxonachilar orasida otning qashqasidek tanilishga ham ulgurgan. Har gal tovar-moddiy boyliklarni tijorat maqsadida olib o`tishga urinishar ekan, ushbu shaxslar bojxonachilarni chalg`tish uchun turfa nayranglarni o`ylab topishadi.
Masalan, ayrim tashmachilar keyinchalik qayta sotish maqsadi uchun ko`zlangan yangi kiyim-kechaklarni olib o`tish uchun ularni osongina egnilariga kiyib olishadi, xolos! Lekin, kiyim-kechaklarning yorlilqari o`z joyida turaveradi. Imkon qadar, kiyim-kechaklarni ko`proq olib o`tish maqsadida hattoki, bir nechta ko`ylak va shimlarni qat-qat qilib, ustma ust kiyib o`tishga urinishadi ham.
Tashmachilar tomonidan eng ko`p olib o`tishga uriladigan tovar-moddiy boyliklar turkumidan asosan kosmetika va parfyumeriya vositalari shuningdek oziq-ovqat mahsulotlari ham joy olgan.
Xotin-qizlar esa ayollik sha`nini unutib, turli parfyumeriya va kosmetika vositalarini cho`ntaklariga, kiyimlari ichiga, hattoki ichki kiyimlari orasiga yashirgancha olib o`tishga urinishgan paytda to`xtatib qolingan.
Fuqaro Abdulaziz Saidmuxamedov esa bojxonachilarning ko`zini shamg`alat qilishga urinib, 90 quti tamaki mahsulotlarini olib kirish maqsadida kiyimlari ortidan beliga bog`lab olgan ekan. Shu tariqa u qiymati 1 mln. 350 ming so`mlik sigaretlarning bojxona nazoratidan chetlab olib kirmoqchi bo`lgan paytda to`xtatib qolindi.
Bu bilan ushbu qiymatdan ortiqcha bo`lgan tovar-moddiy boyliklarni qo`shni davlatlardan olib kirish mumkin emas ekan-da degan yanglish tasavvur shakllanmasligi kerak.
O`zbekiston Respublikasi hududiga kirib kelayotgan shaxslarga qonun hujjatlariga ko`ra bojsiz olib kirish me`yorlaridan hamda aksiz solig`iga tortilmaydigan me`yorlardan ortiqcha tovarlariga belgilangan stavkalar bo`yicha bojxona to`lovlari undirilganidan so`ng ularnirng olib kirilishiga ruxsat etiladi.
Shu o`rinda, yuqoridagi holatlarni kuzata turib, ushbu shaxslar olib kirishga uringan mayda yoki oz miqdordagi sanoqli tovarlarning mamlakatimiz iqtisodiyotiga etkazishi mumkin bo`lgan zararini mensimaslik ham mumkin emas. Chunki, daryo ham qatra-qatradan yig`ilishini aslo unutmasligimiz kerak.

    Boshqa yangiliklar