AsosiyJamiyat

​«HIMMATI BO`LSA BIR ZO`R ARSLONChA BOR»

'​«HIMMATI BO`LSA BIR ZO`R ARSLONChA BOR»'ning rasmi

«Bu yanglig` yigitlar har ishda chiroy
Misoli chiroqqa yog`du bergan moy».
Yusuf Xos Hojib, «Qutadg`u bilig» («Saodatga eltuvchi bilim»)

O`zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 26 yilligi munosabati bilan mamlakatimiz mudofaa salohiyatini yuksaltirishga qo`shgan hissasi, Qurolli Kuchlar jangovar tayyorgarligini oshirishdagi xizmatlari, tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash borasidagi xizmat burchini bajarish chog`ida mardlik, jasorat va fidoyilik ko`rsatgani uchun bir guruh Vatan himoyachilari O`zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoniga ko`ra davlatimizning yuksak mukofotlari bilan taqdirlandilar. 8 dekabr – O`zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi qabul qilinganining 25 yilligi bayrami tantanalarida yurtimizning ana shu fidokor farzandlariga davlat mukofotlari tantanali tarzda topshirildi. Ulardan biri «Jasorat» medali sohibi podpolkovnik Qodirjon Tursunov mardu maydon o`g`lonlarga nasib etadigan Vatanimizning yuksak mukofoti – II darajali «Shon-sharaf» ordenini mamlakatimiz Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo`mondoni Shavkat Mirziyoev qo`lidan olish baxtiga sazovor bo`ldi.

Biz suv ichgan daryolar

Jom qishlog`i Samarqand viloyatining Nurobod tumanida joylashgan. Poytaxt tomon eltuvchi asosiy yo`llarning biri shu qishloq orqali o`tadi. Podpolkovnik Qodirjon Tursunov shu erda tug`ilib o`sgan. Sherdil yigitning sharaf yo`llari shu erdan boshlangan. Ma`rifatli bobolari, kamtarin ustozlari, kayvoni onasi haqida mehr bilan so`zlaganida o`zining fidoyilikka to`lib-toshgan qalbi ham so`zlarida aks etadi:

– Jom katta qishloq. Bu erda yurtning ko`p dovruqli kishilari o`tgan. Bobolarim manzil-makon qurgan, qo`limga ilk marta qalam tuttirgan ustozim Qarshiboy muallimning so`nggi manzili, bu zamin men uchun g`oyat qadrli, tabarruk. Otamning amakilari, bobom – Burhon Tursunov o`z davrining etuk ma`rifatchisi bo`lgan. Samarqand davlat universitetida atoqli davlat arbobi Sharof Rashidov bilan birga tahsil olishgan, bir uyda yashaganlar. Bu ikki insonning bir-birlariga yozgan maktublari saqlanib qolgan. Bobom yaxshigina she`rlar, jangovar ocherklar yozgan. 1942 yil «Qizil yulduz» ordeni bilan taqdirlangan. 1945 yili halok bo`lgan. Uzoq yillar davomida 9 may kuni u kishini xotirlash uchun uzoq o`lkalardan safdoshlari kelib turardi. Xonadonimiz ma`rifat o`chog`i bo`lgan desam mubolag`a bo`lmaydi. O`sha olis yillarda xalqimizning ardoqli shoirlari Zulfiya, G`afur G`ulom bu erda mehmon bo`lganlar. Ziyoli, ma`rifatli insonlar yig`ilib, kitobxonlik kechalari tashkil qilingan. Kitobga, mutolaaga mehrim o`sha kechalarning mahsulidir. Otam uzoq yillar el xizmatida bo`ldilar. Hamon So`fi Olloyorni mutolaa qilishni qo`ymaydilar, ba`zan yod o`qiydilar. Onam o`ziga to`q xonadonning qizi bo`lganlar. Uzoq yillar maktab kutubxonasida ishladilar. Elning kayvonisi. Qaynona-kelin, qo`ni-qo`shni o`rtasida kelishmovchilik yuz bergudek bo`lsa, bir-ikki og`iz gap bilan hammani murosaga keltirib qo`yadilar.

Otamning akalari – Nurillo bobom sho`ro davrida vaqti-vaqti bilan harbiy tayyorgarlikdan o`tib turardilar. Sharafli kasbni tanlashimga ham bobomning harbiylar haqidagi suhbatlari sabab bo`lgan. U kishi sabab harbiylikka havasim, mehrim ortgan. Bobomning aytishlariga ko`ra bu kasbga men juda munosib ekanman. Bolalikdan kurash tushib katta bo`lganman, to`ylar, bayram-sayillarda, musobaqalarda. Meni sevimli ustozim – Shavqi muallim ko`p qo`llab-quvvatlardilar. U kishiga mehrimiz hech so`nmaydi. Men hamisha bobolarimga, otamga munosib o`g`il bo`lishga intildim. Ular halollik, poklik, sadoqat bilan el xizmatida bo`ldilar. Men uchun Vatan xizmati, Vatan himoyasi sharafdir.

Eryigitning ziynati

«Lashkarga bosh bo`lish – og`ir ish. Axir u yov bilan yuzma-yuz turadi. Shuning uchun yigitlar orasidan sara, mard va kuchli, mergan va saxovatli kishini ajratish lozim… Uning yoniga yig`ilgan bahodir, botirlar jonlarini fido etib, tog` qoyalarida yotgan chog`larida o`z boshliqlaridan o`rnak olishadi. Bilim, es-hushlilik, alpzo`rlik va jasorat – ularning ziynati».
Yusuf Xos Hojib, «Qutadg`u bilig» («Saodatga eltuvchi bilim»)

Qodirjon 2000 yili Samarqand oliy harbiy avtomobil muhandislik qo`mondonlik bilim yurtini tamomlagan. Oradan olti yil o`tmay, ya`ni 2006 yilda davlatimizning yuksak mukofoti – «Jasorat» medali bilan taqdirlandi. «Men hamisha birinchi bo`lishim kerak, ikkinchi bo`lish meni qoniqtirmaydi», – deydi u.

Darhaqiqat, uning xizmat faoliyatiga nazar tashlasangiz ish bilan so`z birligiga amin bo`lasiz. U «Eng ilg`or mutaxassis» ko`rik-tanlovining respublika bosqichida «Eng ilg`or guruh komandiri», «Eng ilg`or vzvod komandiri» nominasiyalari g`olibi bo`ldi. Ayniqsa, 2011, 2012, 2013 yillarda ketma-ket «Eng ilg`or batalon komandiri» nominasiyasi g`olibi bo`lganiga qoyil qolsa arziydi.

Qodirjon Tursunov ikki yil harbiy qismga komandirlik qildi. Ana shu qisqa davrda harbiy jamoa eng ilg`or jamoalar qatoridan joy oldi.

Yuksak jangovar shaylikning asosi mustahkam intizomdir, – deydi podpolkovnik Qodirjon Tursunov. – Buyruqqa hamma bo`ysunadi. Biroq, inson ongli mavjudot. U buyruqni ko`r-ko`rona emas, yuksak ong bilan bajarishi lozim. Buning uchun yurakda sadoqat, vatanparvarlik tuyg`ulari jo`sh urmog`i kerak. Men qo`l ostimda xizmat qilayotgan askarlarning his-tuyg`ularini hurmat qilib, ularni tinglashga, anglashga harakat qilaman. Shunda o`rtada ishonch paydo bo`ladi. Ishonchli askarlar bilan jamoa kuchli bo`ladi.

Ha, u boshqargan jamoa hamisha kuchli bo`lgan. Okrug qo`shinlari qo`mondonining o`rinbosari sifatida bugun uning mas`uliyati yanada oshgan.

«Seni do`st bilganlar bilmasin g`amni»

«Kimki bo`lsa asli otadan toza, Eliga naf berar u beandoza».
Yusuf Xos Hojib, «Qutadg`u bilig».

…televizor qarshisida o`tirgan otaning hayajondan qalbi yumshadi. Ko`zlaridan sevinch yoshlari oqdi. Pichirlagandek shukronalik keltirdi. Xayolan 64 yillik umrini sarhisob qildi. Va ayni shu lahzaning tengsiz saodatini tuydi. Qahramon o`g`li qo`ng`iroq qilganida hayajonini bosa olmay, to`lqinlanib, dedi: «Qodirjon, endi o`lsam ham armonim yo`q…»

O`zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi qabul qilinganining 25 yilligiga bag`ishlangan bayram tantanasi tugar-tugamas yurtning turli chekkalaridan (qarindoshlar, do`stlar) otani qutlash uchun tinimsiz qo`ng`iroqlar boshlandi. Aslida Vatanimizning yuksak mukofoti – II darajali «Shon-sharaf» ordeni bilan o`g`il, ya`ni podpolkovnik Qodirjon Tursunov taqdirlangan edi.

– Bu xabardan hamon osmondaman, erda yo`qman, – deydi Abdipatto Tursunov. – Qodirjonim xalq qarshisida, Prezidentimiz huzurida so`z aytdi. O`sha kuni sevinganimdan tongga qadar mijja qoqmadim, Jomning yigirma mingdan ziyod aholisi quvonchimizga sherik bo`ldi. Meni hamon qutlashyapti. Qodirjonim sog` bo`lsin, ulkan va savobli ishlarning boshida turgan muhtaram Prezidentimizning bellariga quvvat, ko`zlariga nurni Alloh ziyoda qilsin! 1973 yildan boshlab tutgan kundaligimda Abdurashid O`rozovning mana bu misralarini yozib qo`yganman, maqolangizda albatta shuni ko`rsating:

Yashasang shundayin Vatanda yasha,
Nurli yuzlaringga qo`nmasin g`ubor.
Do`stlaring poyiga to`sha gullarni,
Seni do`st bilganlar bilmasin g`amni.

Mudofaa vazirligi matbuot xizmati

    Boshqa yangiliklar