O`zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri P.Bobojonov, Davlat soliq qo`mitasi raisi B.Parpiev, adliya vaziri R.Davlatov, Oliy sud raisi K.Komilov, Bosh prokuror o`rinbosari E.Tojiev, Davlat bojxona qo`mitasi raisi o`rinbosari M.Soliev Farg`ona, Marg`ilon, Qo`qon shaharlari va Uchko`prik, Rishton, Quva tumanlaridasayyor qabullar o`tkazdi.
Uchko`prik tumanida O`zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri P.Bobojonov, Bosh prokuror o`rinbosari E.Tojiev, Oliy sud raisi K.Komilov o`tkazgan qabullarda aholining sud, huquq-tartibot idoralari faoliyati bilan bog`liq masalalar, fuqarolar huquqlarining buzilishi yuzasidan murojaatlari o`rganildi.
– “Go`zal” mahalla fuqarolar yig`inida istiqomat qiluvchi xasta akam Alisher Toshmirzaev sobiq konserva ishlab chiqarish korxonasidan 3 yillik ish haqini ololmay sarson, – deydi Uchko`prik tumani Sariqqo`rg`on qishlog`ida yashovchi Fotima Toshmirzaeva. – Davolanishiga mablag` topolmayapti. Bugungi qabulda ushbu masalaga echim topildi. Bundan hammamiz xursandmiz. Bo`lar ekanu, nega shu choqqacha odamni ovorayu sarson qilishganiga hech tushunmayman.
Uchko`prik tumanidagi Yuqori dasht qishlog`ida istiqomat qiluvchi mehnat faxriysi Abdukarim Abdurahimov katta yo`ldan o`tgan temiryo`l kesishmasi qishloq aholisiga qiyinchilik tug`dirayotgani, bu erga biror nazoratchi zarurligi haqidagi murojaat bilan sayyor qabulda bo`ldi. Mazkur masala tegishli tartibda ko`rib chiqilib, hal etish muddati belgilandi.
19.12.2017 10:22
FARG`ONALIKLARNING KO`P YILLIK MUAMMOLARI BIR KUNDA HAL ETILDI






