O`zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo`mitasi raisi B.Parpievning Farg`ona, Marg`ilon, Qo`qon shaharlari va Rishton tumanida o`tkazgan uchrashuv va sayyor qabullarida 200 ga yaqin fuqaro turli masalalar bo`yicha murojaat qildi. Murojaatlarning aksariyati hokimliklar, viloyat tashkilotlari bilan muhokama qilinib,joyida hal etildi.
– Momiq mahsulotlar ishlab chiqaramiz, ularni eksportga ham yo`naltirganmiz, – deydi Marg`ilon shahridagi “Turon vodiy teks” mas`uliyati cheklangan jamiyati rahbari Abdusamad Ma`rupov. – Faoliyatimizni yanada kengaytirish uchun “Asakabank”ning shahar filialidan sarmoya so`rab murojaat qilgan edik. Lekin haligacha javob bo`lmayotgandi. Bugungi uchrashuvga kelib adashmagan ekanman. Qisqa vaqtda jamiyatimizga kredit ajratiladigan bo`ldi. Kelgusida bu mablag` evaziga zamonaviy to`quv dastgohlari keltirishni rejalashtirganmiz.
Marg`ilon shahrining Yorqin mahallasidan fuqaro Muborakxon To`raxonova ko`p yillardan beri oilasi bilan 2 sotixli hovlida istiqomat qilib kelardi. Ariza bilan qilgan murojaatlari ha deganda hal etilavermadi. Mazkur muloqotda uning uy-joy masalasi daxldor idoralar tomonidan ko`rib chiqildi. Unga uy-joy ajratib beriladigan bo`ldi.






