1

QO`Y O`G`RISI QO`LGA OLINDI

Jinoyat 05.01.2018, 11:26
QO`Y O`G`RISI QO`LGA OLINDI

Surxondaryo viloyati Denov tumanining Obodon mahallasida yashaydigan 26 yoshli N.A. qo`y o`g`irlab sotayotganda ashyoviy dalillar bilan qo`lga olindi, deb xabar berdi O`zA.

Qumqo`rg`on tumanidagi Yangiobod mahallasida yashovchi X.K. Qumqo`rg`on tumani ichki ishlar idorasiga sakkiz bosh qo`yi tunda o`g`irlab ketilganini xabar beradi. Shu kuni tergov tezkor guruhi voqea sodir bo`lgan joy va uning atrofini o`rganganida, voqea joyidan bir kilometrcha uzoqlikdagi adirda “Jiguli” avtomashinasiga tegishli izlar, “KENT-6” sigaretining qoldig`i, sport kiyimining aksiz markasi qolgani aniqlanadi.

Yo`qolgan qo`ylarni topish uchun tuman ichki ishlar bo`limi xodimlari guruhlarga bo`linib, zudlik bilan Surxondaryo viloyatidagi barcha mol bozorlarda kuzatuv ishlarini olib bordi. Sariosiyo tumanidagi Payshanba mol bozorida qulog`iga qo`shimcha plastina sirg`a taqilgan ikki bosh qo`y ularda shubha o`yg`otdi. Chunki, yangi sirg`a taqilgan qo`ylarning quloqlarida qotib qolgan qon dog`lari bor edi. Qo`ylar surishtiruv ishlari olib borish uchun Sariosiyo tumani ichki ishlar bo`limiga olib kelingach, masala oydinlashdi.

Ma`lum bo`lishicha, N.A. tanishi R.X. ga kechki payt qo`ng`iroq qilib, uning “Jiguli” rusumli avtomashinasida Qumqo`rg`on tumanidagi qo`ylarini olib kelishni iltimos qilgan. Tungi payt Qumqo`rg`on tumaniga etib kelgach, N.A. “o`ljasi” saqlanayotgan molxonadan bir kilometrcha uzoqlikda avtomashinani to`xtatgan. Soat tungi 23 larda R.X. “Jiguli”si yonida qolgan. N.A. fuqaro X.K.ning yashash uyi molxonasi yoniga kelib, atrofni obdan kuzatgan. Hech kim yo`qligiga ishonch hosil qilgach, molxonadagi 20 bosh qo`yni haydab, mashinagacha olib kelgan. 8 bosh qo`yni “Jiguli”ga yuklagan. Engil mashinaga sig`magan 12 boshini adirda qoldirib, juftakni rostlagan. Aylanma yo`llar orqali Denov tumanidagi Qoraxon mahallasiga kelib, tungi soat ikkilar atrofida olti bosh qo`yni uch million 700 ming so`mga R.O.ga sotib yuborgan. Qolgan ikki bosh qo`yni kunduz kuni tushgacha Denov tumanidagi Bahoriston mahallasida yashovchi Sh.X.ga sakkiz yuz ming so`mga pullagan.

Shunday qilib, Qumqo`rg`onda yo`qolgan qo`ylar Denov va Sariosiyo tumanidan topildi. N.A. esa yangi yilni ichki ishlar idorasida kutib oldi.

Ayni paytda N.A.ning boshqa jinoyatlarga aloqadorligini aniqlash yuzasidan qo`shimcha tergov-surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1