Milliy matbuot markazida “O`zbekenergo” davlat aksiyadorlik kompaniyasi tomonidan investisiyalarni jalb etish va o`zlashtirish masalalariga bag`ishlangan matbuot anjumani o`tkazildi.
Har qanday davlat iqtisodiyotining barqaror o`sishi uning energetika sohasini qay darajada jadal rivojlantirayotganiga qarab belgilanadi. Mamlakatimizda elektr energiyasini asosan “O`zbekenergo” davlat aksiyadorlik kompaniyasi ishlab chiqaradi va etkazib beradi, deya xabar beradi O`zA. Kompaniya energetika tarmog`ini yanada rivojlantirish, elektr stansiyalarini tubdan modernizasiya va rekonstruksiya qilish, iste`molchilarni energiya bilan ishonchli ta`minlash maqsadida o`z faoliyatini, jumladan, investisiya sohasida ham muntazam takomillashtirib bormoqda.
Tarmoqni rivojlantirish bo`yicha 2015 yilgacha belgilangan asosiy yo`nalishlarga muvofiq, umumiy qiymati 8 milliard dollardan ortiq qirqdan ziyod investisiya loyihasi amalga oshirilmoqda. Mazkur loyihalarning aksariyati bug`-gaz qurilmalari asosida elektr va issiqlik energiyasi ishlab chiqarishning zamonaviy texnologiyalarini joriy etish, yoqilg`i-energetika balansida qattiq yoqilg`i va gidroenergoresurslar ulushini oshirish, tayanch kichik stansiyalar va tizimlararo elektr uzatish liniyalari qurilishiga yo`naltirilgan.
O`tgan yilning o`zida turli investisiyaviy loyihalar doirasida 14 ob`ektda, chunonchi, “Toshkent issiqlik elektr markazi” ochiq aksiyadorlik jamiyati, “Angren” maxsus industrial zonasidagi shakar ishlab chiqarish zavodi, Yangi Angren issiqlik elektr stansiyasi, Chorvoq gidroelektr stansiyasi va boshqa ob`ektlarda qurilish, rekonstruksiya hamda modernizasiya ishlari amalga oshirildi. Bundan tashqari, Toshkent, Tollimarjon, Navoiy issiqlik elektr stansiyalari va Toshkent issiqlik elektr markazida umumiy quvvati 1775 megavatt bo`lgan bug`-gaz va gaz turbinali qurilmalar o`rnatish ishlari boshlandi. Yuqori texnik-iqtisodiy ko`rsatkichga ega mazkur qurilmalarning har biri yiliga 360 million kubometrgacha yoqilg`ini tejash imkonini beradi.
So`nggi ikki yilda “O`zbekenergo” davlat aksiyadorlik kompaniyasi Investisiya dasturi doirasida umumiy qiymati 1 milliard 100 million dollardan ortiq 30 loyihani amalga oshirdi. 2014 yilda kompaniya tomonidan yangi korxonalar tashkil etish va mavjudlarini modernizasiya hamda rekonstruksiya qilish bo`yicha umumiy qiymati 6 milliard 330 million dollardan ziyod 28 yirik investisiya loyihasini tatbiq etish rejalashtirilmoqda.
Matbuot anjumanida zamonaviy texnologiyalarni puxta o`zlashtirgan yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash, shuningdek, kasb-hunar kolleji bitiruvchilarini ish bilan ta`minlash muhimligi alohida ta`kidlandi. Jumladan, o`tgan davrda kompaniya korxonalarida 1600 dan ortiq yangi ish o`rni yaratilib, ularning aksariyatini kasb-hunar kolleji bitiruvchilari tashkil etganligi qayd etildi.