AsosiyJinoyat

Farg`onada IIB xodimi 300 dollar pora olayotganida qo`lga tushdi

'Farg`onada IIB xodimi 300 dollar pora olayotganida qo`lga tushdi  'ning rasmi

Farg`ona shahar IIB huquqbuzarliklarning oldini olish bo`limi milisiya tayanch punktlari voyaga etmaganlar o`rtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklar profilaktikasi inspektori Azizbek Mirzaev pora olayotganida qo`lga tushdi. Bu haqda O`zA xabar berdi.

Xabarda aytilishicha, ish faoliyati davomida shahar hududidagi ta`lim muassasalari rahbarlari bilan yaxshi tanish bo`lgan inspektor xizmat mavqeidan foydalanib, "ishbilarmonlik" qilishni rejalashtirgan.

A. Mirzaev 2017 yil iyul oyida tanishi Sh.Akromova o`g`lini Farg`ona shahar 2-tibbiyot kollejiga o`qishga kiritmoqchiligidan xabar topadi. U Sh. Akromovaga kollejda tanishlari borligini aytib, o`g`lini o`qishga kiritib qo`yishga va`da beradi. Bu ish quruqqa bitmasligiga ishora qilib, "xizmat" uchun vakolatli shaxslarga 300 dollar berishi zarurligini aytadi.

Sh.Akromova huquqni muhofaza qiluvchi idoralarga ariza bilan murojaat qiladi. Milliy xavfsizlik xizmati Farg`ona viloyati boshqarmasi, viloyat prokuraturasi hamda Bosh prokuratura huzuridagi Soliq, valyutaga oid jinoyatlarga va jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish departamenti viloyat boshqarmasi tomonidan o`tkazilgan tezkor tadbirda A.Mirzaev fuqaro Sh. Akromovadan 300 dollar olayotganida ashyoviy dalil bilan qo`lga tushadi.

Xabarga ko`ra, jinoyat ishlari bo`yicha Toshloq tuman sudi A.Mirzaevning qilmishiga yarasha jazo tayinladi.

    Boshqa yangiliklar