2017 yilda oilaviy kelishmovchiliklar sababli yaqin qarindoshlar bir-biriga nisbatan sodir etgan qotilliklar soni 200 ga yaqin bo`ldi. Bu haqda Ichki ishlar vaziri Po`lat Bobojonov O`zA muxbiri bilan suhbatida ma`lum qildi.
Ushbu jinoyatlarning 62 tasi er xotiniga, 10 tasi xotin eriga, 119 tasi esa yaqin qarindoshlar tomonidan bir-birlariga nisbatan sodir etilgan. Bunday noxushliklar asosan Samarqand viloyati (27), Toshkent shahri (24), Toshkent (22) va Farg`ona (21) viloyatlarida ko`proq uchradi.
Har qanday jinoyat sodir bo`lishi tashvishlanarli, biroq bu jarayonda xotin-qizlar, voyaga etmaganlar uchrayotgani yanada ayanchli holat.
Masalan, ro`yxatga olingan jinoyatlarning 9,5 mingdan ortig`i xotin-qizlar tomonidan sodir etilgan. Farg`onada 1625, Toshkent shahrida 1592, Toshkent viloyatida 1402, Samarqandda 1066, Andijonda 972 va Namanganda 751 nafar ayol jinoyatga qo`l urgan.
Joylarda uyushmagan, tarbiyasi og`ir, ish va o`qishga joylashmagan yoshlar 26579 ta jinoyat sodir qilgan. Maktab o`quvchilari, akademik liseylar va kasb-hunar kolleji o`quvchilari tomonidan 1,5 mingdan ziyod jinoyat sodir etilgan.
Voyaga etmaganlar tomonidan 1430 ta jinoyat, shundan, 778 ta o`g`rilik, 79 ta bezorilik, 77 ta talonchilik, 45 ta badanga og`ir tan jarohati etkazish, 42 ta bosqinchilik va 29 ta firibgarlik holati qayd etilgan.