“O`zRTXB” AJ Play-mobile kontent-provayder bilan birgalikda mijozlarni SMS-xabarlash bo`yicha bir qator loyihalarni joriy qildi. Bu haqda "O`zRTXB" AJ matbuot xizmati xabar qiladi.
SMS-xabarlash xizmati orqali qiziqtirayotgan avtoraqamlarni savdoga qo`yilishi bo`yicha ma`lumotlarni tezkor olishlari hamda muayyan lotga obuna bo`lib, uning holatini muntazam ravishda kuzatib borishlari mumkin. Bu esa mijozga qiziqtirayotgan avtoraqam bo`yicha savdo vaqtini o`tkazib yubormaslik, sotib olingan avtoraqam to`lovini amalga oshirishning aniq vaqti va uni ro`yxatdan o`tkazish joyini bilib olish imkonini beradi.
Birjaning mazkur xizmatiga ulanish uchun avtoraqam.uzex.uz veb-saytida mijozning shaxsiy kabinetidagi SMS sahifasiga o`tish va ofertani qabul qilishning o`zi kifoya. Xizmat uchun oylik abonent to`lovi 10 000 so`mni tashkil etadi. O`z navbatida SMS xabarlar xizmatga ulanish paytida ko`rsatilgan telefon raqamiga kelib tushadi.
Birja tomonidan SMS-xabarlash bo`yicha joriy etilgan ikkinchi xizmat turi fermer xo`jaliklariga bepul asosda taqdim etilmoqda. Ushbu loyiha mineral o`g`itlarni fermer xo`jaliklariga birja savdolari orqali sotish bo`yicha ishlab chiqilgan tajriba loyihasi doirasida ishga tushirildi. Mineral o`g`itlar bo`yicha shakllangan kotirovkalar fermerlar tomonidan ro`yxatdan o`tkazilgan mobil aloqa raqamiga haftada ikki marta avtomatik ravishda yuboriladi.






