Besh nafar o`zbekistonlik ayol Eronga o`tish uchun Ozarbayjon chegarasini noqonuniy ravishda kesib o`tayotganida Ozarbayjon davlat chegara xizmati xodimlari tomonidan qo`lga olindi. Bu haqda Sputnik Ozarbayjon xabar qildi.
Xabarda aytilishicha, 17 fevral kuni Fuzuliy tumani Kerimbeyli qishlog`ida joylashgan chegara zastavasi xizmat uchastkasida Eron tomonga yo`nalgan izlar aniqlangan. Tezkor choralar natijasida chegara buzuvchilar qo`lga olindi – ular to`rt nafar o`zbekistonlik ayol va ularni Eronga o`tkazmoqchi bo`lgan ozarbayjonlik erkak bo`lib chiqdi.
O`sha kuni Yardimli tumanidagi Deman qishlog`i hududida Eronga noqonuniy tarzda o`tishga uringan ikki nafar ayol — O`zbekiston va Qirg`iziston fuqarolari ushlangan.
Mazkur holatlar bo`yicha jinoyat ishi qo`zg`atilib, surishtiruv ishlari olib borilmoqda.






