1

Tog`da adashgan odam (Bo`lgan voqea)

Mutolaa 22.02.2018, 14:26
Tog`da adashgan odam (Bo`lgan voqea)

Ayg`ir. Otlar uyurining boshchisi. O`n-yigirmata otni ortidan ergashtirib, yo`l-yo`riq ko`rsatib, xavf-xatardan asrab yuradi. Ohangaronlik Zoir akaning ham o`sha to`dada oti bor. Ayg`ir bo`lmasa-da, chayir, olg`ir, aqlli ot. Zoir aka har zamon toqqa chiqib ularni tuvanlab qo`yadi.

2017 yil, 25 dekabr. Erta tongda Zoir aka toqqa otini olib tushishga jo`nadi. Rafiqasi Sayyora opa qaynatib qo`ygan to`rtta tuxum, ozroq kolbasa va ikkita nonni beliga tugdi-da, yo pirim deya yo`lga tushdi.
Tush vaqti bo`ldiyamki, otlar uyuri ko`rinmaydi. Tog`da yurgan ovchi yigitni uchratib, muddaosini aytdi. Ovchi yigit tog`ning narigi yonida – soyda ikki-uch kun oldin otlar uyuriga ko`zi tushganini ma`lum qildi. Otiga Zoir akani mindirib, soy yaqinigacha eltib qo`ydi va “siz juda uzoq yo`ldan kelibsiz, huv, anavi yaqin yo`ldan ketganingiz yaxshi”, – deya katta harsangtosh tomonga ishora qildi.
Hademay kech tushadi. Otlarning bo`lsa qorasiyam ko`rinmaydi. Zoir aka ovchi ko`rsatgan yo`lga tushib ortga qaytishga qaror qildi. Shu payt nima bo`ldi-yu, birdan shovqin-suron turib, atrof qop-qora tusga kirdi. Mayda lekin zarb bilan yog`ayotgan muz parchalari ko`z ochirmasdi. Yarim tungacha shamol aralash yoqqan qor Zoir akani yo`ldan adashtirdi. O`sha tunda bir archa tagida olov yoqib jon saqladi. Ertalab esa hamma yoq oppoq, qorning qalinligi belgacha kelar edi...
Kimgadir xabar beray, desa telefonda umuman aloqa, yo`q. Atrofda inson zoti ko`rinmasdi. Bunday vaziyatda omon qolishning birgina yo`li – o`zini qo`lga olib, tezroq yo`lni topib, odamlar yashaydigan manzilga etib olish kerak...
Tog`dagi to`rtinchi kun. Hammayoq oppoq. Havo juda sovuq. Qor belgacha keladi. Egulik tugagan. Zoir akaning ko`zlarini qor olganmi atrofni ko`pam anglay olmayapti. Qo`l-oyoqlari qizarib, shishib ketgan. Yo`l, odamlar yashaydigan manzildan darak yo`q...
Nihoyat, botirligi, kurashuvchanligi, hayotga, yaqinlariga muhabbati sabab qiyinchiliklarni engib, etti kecha-kunduz deganda bir cho`pon yashaydigan chaylani topib keldi. Bu Parkent tog`lari edi. Ohangaronlik qahramonimiz adashib Parkentga kelib qolgandi. Muhimi u topildi! Odamlar orasida!
Cho`ponning ikkita katta, qop-qora itlari odam qorasi ko`ringan tomonga tashlandi. Yaxshiyamki, cho`pon yigit chayla tashqarisida nimadir yumush bilan band edi. Itlarini chaqirib qoldi. Bo`lmasa shu ergacha omon etib kelgan Zoir akani itlar omon qo`ymasdi.
2018 yil 3 yanvar. Zoir aka O`rmon xo`jaligi xodimlari yordamida Ohangaronga oilasi bag`riga qaytdi. Shu kuni Zoir akaning uyida Yangi yil bayrami nishonlandi. Qarindosh-urug`lar, qo`ni-qo`shni, butun mahalla xonadonda yig`ildi. Omon qaytganiga shukronalar keltirildi.
Zoir akaning aytishicha, bir o`g`il, bir qizi bor. Katta farzandi Tursunoy tilab olgan farzandi, undan oldingi to`ng`ichlarning ikkita-uchtasi chaqaloqligidayoq nobud bo`lgan ekan...
Tursunoy O`zbekiston davlat jahon tillari universitetining ikkinchi bosqichida shartnoma asosida o`qiydi. Zoir aka shartnoma pulining qolgan yarmini to`lash uchun otini bozorga olib chiqmoqchi bo`lib, uni qidirib toqqa ketgandi. Adashib qolib etti kun deganda uyiga etib keldi...
U poytaxtimizdagi 16-shahar tez yordam shifoxonasida davolandi. Barmoqlarini biroz sovuq urgan. Shifokorlarning so`z­lariga ko`ra, holati yaxshi, kerakli muolajalar amalga oshirilgan.
Hayot sinovlardan iborat. Goho, boshimizdan turli sarguzashtlarni ham o`tkazib turamiz. Lekin yuqoridagi singari holatlarga kamdan kam duch kelamiz. Ana shunday paytlarda insonning irodasi, matonati, jasurligi, tantiligi imtihondan o`tadi. Mashaqqatlarni mardonavor enggan insongina baxtga erishadi. Zoir aka ham boshiga tushgan ana shunday sinovni mardonavor engib o`tib, qahramonlik ko`rsatdi. Hayotga, oilasi, farzandlari bag`riga omon qaytdi.


Mohigul QOSIMOVA

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1