Hukumat qarori bilan Avtotest kompaniyasining yuridik shaxslarga qarashli mashinalar haydovchilarining malakasini oshirish bo`yicha monopoliyasi bekor qilindi. Bu haqda Adliya vazirligining Telegram’dagi «Huquqiy axborot» kanali orqali ma`lum qilindi.
Mamlakatda yo`l harakati xavfsizligini ta`minlashga qaratilgan choralarga qaramasdan hali-hanuz bu borada haydovchilar va yo`lovchilar xavfsizligini ta`minlashni natijadorligini yaxshi deb bo`lmaydi.
Haydovchilarni malakasini oshirish hukumatning yo`l harakati havfsizligiga oid strategik chora-tadbirlarining bir qismidir.
Avtotest Report MChJning avtotransport vositalari haydovchilarini tayyorlash va qayta tayyorlash bo`yicha erishgan yutuqlari, uning zamonaviy o`quv-uslubiy texnologiyalardan foydalanilayotganligi va imkoniyatlaridan kelib chiqib, ushbu qaror bilan yuridik shaxslarga tegishli avtotransport vositalarining haydovchilarini malakasini oshirish uning zimmasiga yuklatilgan edi. Buni davlat-xususiy sherikchilikning o`ziga xos ko`rinishi sifatida baholash mumkin.
Avtotest Report MChJ tajribasi, xususiy biznes tashkilotlari ham bu borada sifatli xizmatlar ko`rsatishi mumkinligini va sohani rivojlantirish uchun navbatdagi qadamni qo`yish vaqti kelganligini ko`rsatdi.
Hukumat tomonidan kiritilgan takliflar va Avtotest Report MChJ tajribasi inobatga olinib, 23 fevraldagi qaror bilan yuridik shaxslarga tegishli avtotransport vositalarining haydovchilarini malakasini oshirish bilan 2018 yil 1 iyundan boshlab davlat ta`lim muassasalari, shuningdek, nodavlat ta`lim muassasalari faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi lisenziyaga ega bo`lgan boshqa yuridik shaxslar tomonidan ham amalga oshirilishi belgilandi.
Shuni ta`kidlash kerakki, haydovchilarning etarli bilim va malakaga ega bo`lishi nafaqat o`zlari uchun balki barcha fuqarolarning xavfsizligi uchun nihoyatda muhim. Shu bois, haydovchilarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish bilan bog`liq yo`nalishlar bo`yicha nodavlat ta`lim muassasalarining faoliyatini lisenziyalash uchun qo`shimcha lisenziya talablari hamda shartlari o`rnatildi.
Bundan tashqari, qaror bilan avtotransport vositalarini qisqa muddatli ijara (prokat) va lizing asosida boshqarayotgan yakka tartibdagi tadbirkorlar va boshqa jismoniy shaxslarga malaka oshirish majburiy emasligi belgilab qo`yildi.






