AsosiyJamiyat

Hokimlik kitobxon o`quvchini Prezident sovg`asi bilan taqdirladi

' Hokimlik kitobxon o`quvchini Prezident sovg`asi bilan taqdirladi'ning rasmi

O`zbekiston yoshlar ittifoqi tomonidan o`tkazilgan “Yosh kitobxon” tanlovi mamlakat bosqichida Samarqand viloyatining Narpay tumanidagi 17-umumta`lim maktabi 10-sinf o`quvchisi Mohiniso Shomurodova birinchi o`rinni egallab, Prezident sovg`asi – “Spark” avtomobiliga sazovor bo`lgan edi, deb yozadi O`zA.

Mohiniso Toshkentdan kelishi bilan u ta`lim olayotgan maktabda katta tadbir uyushtirilib, tuman hokimligi, ta`lim muassasasi tomonidan unga sovg`alar topshirildi. Ota-onasi, ustozlariga minnatdorlik bildirildi.

Kitobxon o`quvchi Samarqand viloyati hokimligi va O`zbekiston yoshlar ittifoqi viloyat kengashi tomonidan ham munosib taqdirlandi.

5.JPG

Samarqand shahridagi Islom Karimov haykali o`rnatilgan xiyobonda o`tkazilgan tadbirda ta`lim muassasalari talaba va o`quvchilari, Yoshlar ittifoqi faollari ishtirok etdi.

Viloyat hokimi o`rinbosari A.Umarov Mohiniso Shomurodova hamda uning oila a`zolari, ustozlarini ushbu muvaffaqiyat bilan tabriklab, kitobga oshno tutingan inson hech qachon kam bo`lmasligini ta`kidladi. Kitob kishi ma`naviyatini yuksaltirishi barobarida moddiy farovonligini oshirishga ham yordam berishini Mohiniso o`z harakati, intilishlari bilan isbotladi.

Tadbirda M.Shomurodovaga viloyat hokimligining sovg`asi – zamonaviy kompyuter jamlanmasi hamda boshqa tashkilotlarning tuhfalari topshirildi.

8.JPG

– Ko`rsatilayotgan bunday yuksak e`tibor, e`tirof hammasi kitob tufayli, – deydi Mohiniso Shomurodova. – Prezidentimiz biz, yoshlar buni his qilishimiz uchun kitobxonlik madaniyatini oshirishga katta e`tibor qaratayaptilar, deb o`ylayman. Oilamizda ota-onam bizning kitobga mehr qo`yib ulg`ayishimiz uchun barcha sharoitni yaratib bergan. Ularning biz uchun eng katta va yaxshi sovg`asi – kitobdir. Shu bois bugun uch nafar opam oliy o`quv yurtida davlat granti asosida tahsil olmoqda. Kelgusida men ham ular izidan borib, ota-onam, ustozlarim ishonchini oqlashni o`zim uchun bosh maqsad qilib belgilaganman.

    Boshqa yangiliklar