AsosiyJamiyat

O`zbekistonda o`zak hujayra transplantasiyasi bo`yicha operasiyalar amalga oshirila boshlandi

'O`zbekistonda o`zak hujayra transplantasiyasi bo`yicha operasiyalar amalga oshirila boshlandi'ning rasmi

Respublika Gematologiya va qon quyish ilmiy tekshirish instituti olimlari jahon tibbiyotining ilg`or yo`nalishi – o`zak hujayra transplantasiyasini o`zlashtirib, hozirda uni muvaffaqiyatli yo`lga qo`ydi. 2017 yilda institutda besh nafar og`ir qon kasalligi bilan xastalangan bemorga shu yo`nalishda tibbiy yordam ko`rsatildi, deb xabar beradi Sog`liqni saqlash vazirligi axborot xizmati.

Transplantologiya tibbiyotning eng murakkab, o`ta mas`uliyatli va ayni paytda, ehtiyoj ortib borayotgan yo`nalishlaridan biri sanaladi. Sir emas, ilgari zarurat tufayli ayrim bemorlar chet davlatlarga borib, 40 mingdan 150-200 ming AQSh dollarigacha bo`lgan narxlarda bunday jarrohlik amaliyotini o`tkazishga majbur bo`layotgan edi.

O`zak hujayra transplantasiyasini amalga oshirish uchun eng avvalo yuqori texnologiyali diagnostika-tahlil laboratoriya usullari va yuqori sezgirlikka ega reagentlar kerak. Zero kasallikni aniqlash uchun xromosoma va gen darajasida tahlillar o`tkazilishi zarur. Bu jarayon uch bosqichda o`tkaziladi. Ya`ni, sitogenetik, molekulyar-genetik, hujayrani immunofenotip tahlil qilish talab etiladi.

Jahon tibbiyotida o`zak hujayrani ko`chirib o`tkazishning ikkita turi keng qo`llaniladi. Birinchisi — bemorning o`zidan sog`lom o`zak hujayralarni ko`chirib o`tkazish. Bu amaliyot limfoma va mieloma kasalliklarida qo`llaniladi. Chunki bu kasalliklarda insonning asosiy o`zak hujayrasi sog`lom bo`ladi va uning bemorga qaytadan ko`chirib o`tkazish yordamida muolajalarni o`tkazish mumkin.

Biroq, o`tkir leykoz (oqqon) kasalligida bemorning asosiy o`zak hujayrasi ham kasallangan bo`ladi va bunday vaziyatda donor ko`magiga ehtiyoj tug`iladi. Mamlakatimiz olimlari hozirgi kunda jahon tibbiyotining bu usulini ham chuqur o`zlashtirib, amaliyotga tatbiq etishga tayyor holda turibdi. O`tkir leykoz kasalligida o`zak hujayra transplantasiyasida bemor uchun eng avvalo uning tug`ishgan aka-uka, opa-singillari asosiy donor bo`la oladi. Shuningdek, boshqa insonlar ham agar bemorga o`zak hujayrasining HLA-antigen tizimi mos tushsa, donor bo`lishi mumkin. Kelgusida, bunday donorlik ko`magiga ehtiyojni to`liq qoplash maqsadida o`zak hujayralar bankini tashkil etish ko`zda tutilgan.

    Boshqa yangiliklar