Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan Toshkent shahridagi "O`zekspomarkaz"da o`tkazilgan tantanali bayram tadbirida O`zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev ishtirok etib, mamlakat xotin-qizlarini bayram bilan tabrikladi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
"Bu qutlug` ayyomda hurmatli ayollarimizga eng samimiy, eng ezgu tilaklarimizni izhor etar ekanmiz, birinchi navbatda muqaddas va mo``tabar Ona siymosiga ta`zim qilamiz. Oila va jamiyat ustuni, hayotimizning fayzi va ko`rki bo`lgan xotin-qizlarni e`zozlash, ularga hurmat va ehtirom ko`rsatish xalqimiz uchun azal-azaldan buyuk qadriyat bo`lib kelgan va shunday bo`lib qoladi. Chunki sizlar bilan hayotimiz go`zal va mazmunli, xonadonlarimiz obod va nurafshondir. Mening tilagim, mening maqsadim bitta – oilangiz, farzandlaringiz, el-yurtimiz baxtiga hamisha sog`-omon bo`linglar! Nega deganda, ayollarimizning baxti – xalqimiz, jamiyatimizning baxtidir", — dedi Prezident.
Davlat rahbarining qaroriga muvofiq bu yil yangi tartib asosida 28 nafar faol qizlar Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti bilan taqdirlandi. Tadbirda ana shu yuksak mukofotlar tantanali ravishda topshirildi.
7 mart kuni prezident "8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan mukofotlash to`g`risida"gi farmonga imzo chekdi. Mamlakat ishlab chiqarish tarmoqlari, tadbirkorlik, ilm-fan, ta`lim-tarbiya, sog`liqni saqlash, madaniyat, san`at va boshqa sohalarida samarali mehnat qilib kelayotgan bir guruh ayollar faxriy unvonlar, orden va medallar bilan mukofotlandi.
Qoraqalpog`iston Respublikasi, barcha viloyatlar va Toshkent shahridan tashrif buyurgan opa-singillar, turli vazirlik va idoralar vakilalari to`kin dasturxon atrofida jam bo`ldi.
Tadbirga O`zbekistonda faoliyat yuritayotgan diplomat ayollar, jumladan, BMTning O`zbekistondagi vakolatxonasi rahbari, AQSh, Xitoy, Fransiya, Misr elchilarining ham taklif qilindi.
Bayram san`at ustalari va yosh ijrochilarning konsert dasturi bilan davom etdi.






