8 mart — Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan «O`zekspomarkaz»da tantanali bayram tadbiri bo`lib o`tdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Tadbirda O`zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev ishtirok etib, mamlakat xotin-qizlarini bayram bilan tabrikladi.
«Bu qutlug` ayyomda hurmatli ayollarimizga eng samimiy, eng ezgu tilaklarimizni izhor etar ekanmiz, birinchi navbatda muqaddas va mo``tabar Ona siymosiga ta`zim qilamiz. Oila va jamiyat ustuni, hayotimizning fayzi va ko`rki bo`lgan xotin-qizlarni e`zozlash, ularga hurmat va ehtirom ko`rsatish xalqimiz uchun azal-azaldan buyuk qadriyat bo`lib kelgan va shunday bo`lib qoladi. Chunki sizlar bilan hayotimiz go`zal va mazmunli, xonadonlarimiz obod va nurafshondir, — dedi Prezident. — Mening tilagim, mening maqsadim bitta — oilangiz, farzandlaringiz, el-yurtimiz baxtiga hamisha sog`-omon bo`linglar! Nega deganda, ayollarimizning baxti — xalqimiz, jamiyatimizning baxtidir».






