Shu kunlarda barcha xotin-qizlarimiz qalbi bayram shukuhidan masrur. Zero, yaqinlarining, ayniqsa turmush o`rtog`ining alohida e`tibori, sovg`a-salomlaridan quvonmay bo`ladimi?
Lekin oramizda ayoliga ozgini e`tibor berish uyoqda tursin, arzimagan shubha-gumon, rashk tufayli azob beradigan, hatto unga qo`l ko`taradiganlar ham uchrab turadi.
IIV matbuot xizmati xabariga ko`ra, Namangan tumanida 7 mart kuni “Tepaqiyot” mahalla fuqarolar yig`ini Bunyodkor ko`chasi 41-uyda yashovchi, 1960 yilda tug`ilgan S.Qurbonov uyida rashk oqibatida turmush o`rtog`ini haqoratlay boshlaydi. O`zaro janjal oqibatida er 1967 yilda tug`ilgan turmush o`rtog`i T.Qurbonovaning bosh qismiga tarozi toshi bilan uradi. Olingan og`ir jarohat tufayli ayol voqea joyida vafot etgan. Er esa qo`lga olingan.
Mana sizga johillik oqibati. Ezguliklarni ko`rib shukur qilganingizda, mana shunday voqealarni eshitganda fikr qilishni unutmang.
09.03.2018 06:07
Bayram arafasida bir ayol rashk tufayli qurbon bo`ldi






