AsosiyJamiyat

Surxondaryodagi 3 ta oliy o`quv yurti filiali 2017 yilda o`qishga kira olmagan abiturientlarni qabul qiladi

'Surxondaryodagi 3 ta oliy o`quv yurti filiali 2017 yilda o`qishga kira olmagan abiturientlarni qabul qiladi'ning rasmi

Vazirlar Mahkamasining 5.03.2018 yildagi 170, 171, 172-son qarorlari e`lon qilindi. Ularda Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti va Toshkent tibbiyot akademiyasining Termiz filiallarini, shuningdek Termiz davlat universitetining Denov filialini tashkil etish nazarda tutilgan, deb yozadi "norma".

2017/2018 o`quv yilining birinchi semestri tugaganiga qaramay, filiallar ushbu o`quv yilidan ish boshlaydi. Surxondaryo viloyatida doimiy propiska qilingan va 2017 yilda tanlovdan o`ta olmagan Termiz davlat universiteti va boshqa turdosh oliy ta`lim muassasalari abiturientlari orasidan ilk talabalar tanlab olinadi. Ular 2017/2018 o`quv yili dasturini 2018 yil iyul oyining oxiriga qadar maxsus o`quv reja va dasturlari bo`yicha o`zlashtiradilar.

Tanlov chog`ida to`plangan ballarning izchilligi, shuningdek ularning eng quyi chegarasi – to`planishi mumkin bo`lgan eng yuqori ballning 30%i (68 ball) to`planganligi qat`iy hisobga olinadi. Talabalar 10 yil mobaynida Surxondaryo viloyatidagi tegishli muassasalarda ishlab berish sharti bilan to`lov-kontrakt asosida o`qishga qabul qilinadilar.

Toshkent tibbiyot akademiyasining «Davolash ishi» fakultetida to`lov-kontrakt shaklida ta`lim olayotgan 4–5-bosqich talabalari ham xuddi shunday ishlab berish sharti bilan akademiyaning Termiz filialiga davlat granti bo`yicha o`qishga o`tishlari mumkin.

Qabul qilingan hujjatlarda 2017/2018 o`quv yili uchun qabul kvotalari faqat Toshkent tibbiyot akademiyasining filiali bo`yicha 300 kishi etib belgilangan. Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetining Termiz filiali va Termiz davlat universitetining Denov filiali bo`yicha kvotalar OAV orqali e`lon qilinadi.

Hujjatlar Qonun hujjatlari ma`lumotlari milliy bazasida e`lon qilingan va 6.03.2018 yildan kuchga kirdi.

Mazkur hujjatlarning to`liq matni, sharhlar va ular bilan bog`liq boshqa qonun hujjatlariga havolalar bilan «O`zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari» axborot-qidiruv tizimida tanishish mumkin.


    Boshqa yangiliklar