1

Inson hayotini 100 ming so`mga baholash mumkinmi?

Jinoyat 14.03.2018, 09:51
Inson hayotini 100 ming so`mga baholash mumkinmi?

Hududda jamoat tartibini saqlash, fuqarolar xavfsizligini ta`minlash, turli huquqbuzarliklarga qarshi kurashish va jinoyatchilikning oldini olish maqsadida Toshkent viloyati ichki ishlar boshqarmasi tomonidan muntazam profilaktika tadbirlari o`tkazilmoqda.

Biroq fuqarolar o`rtasidagi arzimagan sababdan kelib chiqadigan janjal yoki oxirini o`ylamay sodir etilayotgan o`g`irlik tufayli noxush holatlar ko`paymoqda. Xuddi shunday jinoyatlar joriy yil mart oyida Quyi Chirchiq, Yangiyo`l va Zangiota tumanlarida sodir etilgan.

Quyi Chirchiq tumanida joriy yil 7 mart kuniga o`tar kechasi Mevazor mahallasida yashovchi (ism-shariflar o`zgartirilgan) K.Sotvoldiev uyidan bahosi 6 million so`mlik ikki bosh qora mol o`g`irlangan. Voqea to`g`risida fuqaro tuman ichki ishlar bo`limiga ariza bilan murojaat qildi. Tezkor chora-tadbirlar davomida ushbu jinoyatni hududdagi Bog`iston mahallasida yashovchi, muqaddam sudlangan Z.Kamronov sodir etganligi aniqlanib, ushlandi. Daliliy ashyo sifatida ikki bosh qora mol jabrlanuvchiga qaytarildi.

Surishtiruvlar davomida Z.Kamronov 2018 yil 26 yanvarda Mevazor mahallasida yashovchi nafaqaxo`r G`.Dehqonovning ham bahosi 6 million 500 ming so`m bo`lgan ikki bosh qora molini o`g`irlagani aniqlangan.

Tuman IIB huzuridagi Tergov bo`limi tomonidan ayblanuvchiga nisbatan O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddasi bilan jinoyat ishi qo`zg`atildi.

Yangiyo`l tumanida joriy yil 9 mart kuni soat 12.30 da Z.Saidov dala hovlisida tanishi Toshkent shahri Sergeli tumanida yashovchi B.Sultonovga bergan 100 ming so`m qarzini qaytarishini so`raydi va o`rtada janjal kelib chiqadi. Shu payt B.Sultonov o`zini himoya qilish maqsadida, pichoq bilan Z.Saidovga tan jarohati etkazgan.

Ushbu holat bo`yicha tuman IIB huzuridagi Tergov bo`limi tomonidan O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddasi bilan jinoyat ishi qo`zg`atilgan.

Zangiota tumani Erkin qo`rg`onidagi “Mir Abdullo eshon” jome` masjidi yonida turgan Q.Abdullaevga tegishli avtomashinadan 6 million 904 ming so`m pul o`g`irlagan ikki noma`lum shaxs tezkor qidiruv davomida ushlangan. Ayni paytda huquqbuzarlarga nisbatan tuman IIB huzuridagi tergov bo`limi tomonidan jinoyat ishi qo`zg`atildi.

Shunday ko`ngilsizliklarning oldini olish maqsadida viloyat IIB tergov boshqarmasi xodimlari mahalla fuqarolar yig`inlari, ta`lim muassasalari, korxona va tashkilotlarda jamoat tartibini saqlash, xavfsizlikni ta`minlash, tinchlik-osoyishtalik va totuvlikni qaror toptirish kabi masalalarda jamoatchilik bilan uchrashuvlar, muloqotlar o`tkazmoqda.

O`z.A.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1