Xabaringiz bor, Prezident Shavkat Mirziyoevning Tojikistonga tashrifi asnosida tomonlar O`zbekiston-Tojikiston Davlat chegarasidan o`tkazish punktlari faoliyatining qayta tiklanganini mamnuniyat bilan e`tirof etib, ularning to`laqonli faoliyat yuritishi ikkala xalq manfaatlariga xizmat qilishini hamda ikki tomonlama munosabatlarni yanada rivojlantirish uchun qulay sharoitlar yaratishini ta`kidladilar. Shuningdek, davlat rahbarlari O`zbekiston va Tojikiston xalqlari o`rtasidagi aloqalarni mustahkamlashga ko`maklashadigan, ikki davlat fuqarolarining 30 kunga qadar o`zaro safarlari uchun vizasiz rejimning joriy qilinayotganini mamnuniyat bilan qayd etdilar.
Ikki mamlakat o`rtasida munosabatlarning yaqinlashuvi borasida Tojikiston Respublikasi Xo`jand Davlat universiteti dosenti, filologiya fanlari nomzodi Sharifjon Tojiboev darakchi.uz quyidagicha bayon etdi:
O`zbekiston rahbarining yurtimizga tashrifi o`zbek va tojik xalqlarining ming-ming yillarga borib taqaluvchi do`stligi tarixida yangi sahifa ochdi.
Tojikistonda bu tashrifni katta mamnuniyat bilan qarshi olishdi. Zotan, ma`lum sabablarga ko`ra, biroz uzoqlashgan ikki xalq bu safarni orziqib kutayotgandi. Shavkat Mirziyoev va Emomali Rahmonning yangi qadamlari siyosiy, iqtisodiy va madaniy sohalar rivojida, odamlarnimizning o`tib qaytishida katta ahamiyat kasb etadi.
Ayniqsa, ikki mamlakat fuqarolar uchun o`zaro o`tib-qaytish imkoniyatining ta`minlanishi, 30 kun davomida vizasiz rejimning amal qilishi biz – tojikistonlik ziyolilar uchun ham juda quvonchli voqea bo`ldi. Umid qilamanki, ushbu tashrif asnosida imzxolanadigan 20 dan ortiq hujjatlar mamlakatlarimizda o`z echimini topolmay turgan muammlarni hal etishda katta o`rin tutadi.
O`zbek va tojik xalqlarini xuddi et bilan tirnoqdek bir-biridan ajratib bo`lmaydi. Biz ikki qo`shni davlat fuqarolari tinchlik, hamjihatlik, hamkorlikni chuqurlashtirishimiz zarur. Sir emas, so`nggi bir yarim yil ichida ikki mamlakat munosabatlaridagi muzlar erib bitdi. O`zbek va tojik xalqlarining do`stligi, hamjihatligi bardavom bo`lsin.






