AsosiyJinoyat
7359

Toshkentda qaynotasiga o`n martadan ortiq pichoq urgan jinoyatchiga nisbatan hukm o`qildi

'Toshkentda qaynotasiga o`n martadan ortiq pichoq urgan jinoyatchiga nisbatan hukm o`qildi'ning rasmi

Toshkent shahar Olmazor tumanidagi «Sokinsoy» oshxonasi oldidan oquvchi yo`l yuzida Shorasulov Shamsiddin Shorasulovich o`z qaynotasiga nisbatan dahshatli qotillikni sodir qilgan, deb yozadi UzNews.

2017 yilning 21 oktyabr kuni soat taxminan 16:30 da 1990 yili tug`ilgan Shamsiddin Shorasulov o`z rafiqasi bilan bo`lgan oilaviy kelishmovchiliklarning alamini qaynotasidan oldi.

U 58 yoshli qaynotasi Q.R. Ziyaevni o`zaro gaplashib olish uchun chaqirib, uchrashuv vaqtida uning tanasiga ro`zg`or pichog`i bilan o`n martadan ortiq zarba bergan.

Natijada Q.R. Ziyaev inson hayoti uchun xavfli bo`lgan organlariga etkazilgan ko`plab tan jarohatlari oqibatida voqea joyida vafot etgan.

Bu mudhish jinoyat yuzasidan Jinoyat kodeksining 97-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo`zg`atilgan.

Ushbu ish yuzasidan olib borilgan tergov-surshtiruv ishlari natijasida Qurbonov Sa`dulla Salimovich ham jinoyat ishiga ayblanuvchi sifatida jalb qilingan. Sababi — Sa`dulla Qurbonov do`sti Shamsiddin Shorasulovning jinoyatiga yordam bergan holda ayrim ashyoviy dalillarni qasddan yo`q qilishga erishgan. Ya`ni, Shamsiddin Shorasulov do`stiga qaynotasini o`ldirgani va qonga belangan kiyimlari hamda jinoyatning asosiy quroli bo`lgan pichoqni yo`qotishni so`raganda, Sa`dulla bu haqda tegishli huquq tartibot idoralariga xabar bermagan, bu holatni yashirganligi aniqlangan.

Ushbu mudhish qotillik Olmazor tumani Jinoyat ishlari sudida ko`rib chiqildi va aybdorlarga nisbatan hukm o`qildi.

Sudda ishtirok etgan Olmazor tumani prokurori o`rinbosari Davron Abdullaev ayblanuvchiga nisbatan 12 yillik qamoq jazosi berilishini so`ragan bo`lsa-da, maslahatda qolgan sud ayblanuvchiga nisbatan 14 yillik qamoq jazosi tayinladi.

Jinoyat ishining «o`ta nozikligi», bu jinoyat ishida oilaviy nizo, munosabatlar, kuyovning o`z qaynotasini o`ldirganligi inobatga olingan holda, ushbu sud jarayonida shaxsan Olmazor tumani Jinoyat ishlari bo`yicha sudining rahbari Bobonov Zafar Quvondiqovich raislik qildi.

UzNews Olmazor tumani Jinoyat ishlari bo`yicha sudi raisi Zafar Bobonovning fikrlarini yozib oldi.


    Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

    Boshqa yangiliklar