AsosiyJamiyat

Prezident ko`magi bilan ochilgan kitob do`koni "eng namunali" deb topildi

'Prezident ko`magi bilan ochilgan kitob do`koni "eng namunali" deb topildi'ning rasmi

Nukusda “Eng namunali kitob do`koni” tanlovining Qoraqalpog`iston Respublikasi bosqichi bo`lib o`tdi. Bu haqda O`zA xabar bermoqda.

Qoraqalpog`iston Respublikasi Matbuot va axborot agentligi tomonidan tashkil etilgan “Har bir shahar va qishloqda – zamonaviy kitob do`koni” aksiyasi doirasida o`tkazilgan tanlovda 19 kitob do`konining faoliyati o`rganilib, g`oliblar aniqlandi.

Shumanaylik yosh tadbirkor Seydabullo Medetovning “Kitoblar olami” savdo majmuasi birinchi, Nukus shahridagi tadbirkor Muratboy Nizanovning “Kitoblar dunyosi” kitob do`koni ikkinchi, tadbirkor Gulzor Qutlimuratovaning kitob do`koni uchinchi o`rinni egalladi.

Shuningdek, tanlovda “Eng namunali kitobsevar”, “Eng namunali kutubxonachi” nominasiyalari bo`yicha g`oliblar aniqlandi.

– Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev 2017 yil 20-21 yanvar kunlari Qoraqalpog`iston Respublikasiga tashrifi davomida tumanimizda bo`lib, yosh ishbilarmonlar bilan suhbatlashgan edi, – deydi Seydabulla Medetov. – Uchrashuvda Prezidentimiz tuman markazida yoshlar uchun kitob do`koni ochish haqidagi taklifimni ma`qullab, uni amalga oshirish uchun “Mahalla” xayriya jamoat fondi tomonidan 500 million so`m homiylik mablag`i ajratilishini bildirgan edi. O`tgan yilning avgust oyida ajratilgan mazkur mablag` evaziga tuman markazida 2 qavatli zamonaviy “Kitob olami” savdo majmuasi bunyod etilib, o`nga yaqin yosh doimiy ish bilan ta`minlandi. Bu erda kitobxonlar uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Kutubxonamiz fondidan bolalar, jahon, o`zbek va qoraqalpoq adabiyoti namoyandalarining asarlari o`rin olgan.

    Boshqa yangiliklar