Termiz tumanidagi Otchopar maydonida Surxondaryo viloyatining ommaviy xalq sayli tarzidagi Navro`z umumxalq bayrami o`tkazildi. Bu haqda O`zA ma`lum qildi.
Otchopar maydonida Termiz shahri, tumanlar, yirik korxona va tashkilotlar, ta`lim muassasalari uchun ajratilgan qo`rg`onlarda o`tovlar o`rnatildi. Asrlar davomida sayqallanib, bizgacha etib kelgan urf-odat va an`analarimiz namoyon etildi.
– Menga, ayniqsa, xalq o`yinlari juda yoqdi, – deydi Termiz davlat universiteti filologiya fakulteti birinchi kurs talabasi Farida Hakimova. – Ular nafaqat yoshlar jismini, balki ruhini chiniqtirishda ham muhim ahamiyat kasb etadi. Ajdodlardan meros qolgan bu o`yinlarning yuksak mahorat bilan namoyish etilayotgani milliy o`yinlarimizga navqiron avlodning qiziqishini yanada oshiradi.
Xushmanzara tabiat qo`ynida o`tkazilgan ommaviy xalq saylida mashhur dorbozlar, qiziqchilar va baxshi-shoirlar barchaga bir olam zavq-shavq ulashdi. Tandir kabob, doshqozonlarda osilgan sumalak va ko`klamning boshqa tansiq taomlari o`zgacha ko`tarinkilik bag`ishladi.
Yasharish va yashnatish bayrami sharafiga tashkil etilgan kurash bellashuvlarida etti yoshdan etmish yoshgacha bo`lgan polvonlar o`zaro kuch sinashdi. G`oliblar pul mukofoti, turli zamonaviy maishiy texnika vositalari va televizor, ikki tuya, o`ndan ortiq ot bilan taqdirlandi.
Sho`rchi tumanidan Bekmurod Oltiboev mutloq g`olib bo`lib, bosh sovrin – “Matiz” engil avtomashinasini qo`lga kiritdi. Sariosiyolik kurash bo`yicha jahon chempioni Muhsin Hisomiddinovga “Neksiya-3” rusumli engil avtomashina sovg`a qilindi.






