AsosiyJamiyat

Ikki oyda Pop tumanida oilaviy ajrimlar soni 40 tadan ortgan

'Ikki oyda Pop tumanida oilaviy ajrimlar soni 40 tadan ortgan'ning rasmi

O`tgan yilda Pop tumanida sud qarori bilan 231 ta nikoh bekor qilingan. Vaholanki, bu mazmundagi ishlar 2016 yilda 201 tani tashkil etgan edi. Bu nohush holat bir yil ichida 30 taga ko`paydi.

2018 yilning o`tgan 2 oyi mobaynida barbod bo`lgan oilalar tumanda 42 tani tashkil qiladi va o`tgan yilning mos davrida bu ko`rsatkich 11 tadan oshmagan edi. Tashvishlanarli jihati shundaki, ko`rsatkichlar tobora o`sib bormoqda.

Namangan viloyati Pop tumanidagi mahallalarda va oilalarda ijtimoiy-ma`naviy muhitni o`rganish hamda aniqlangan muammolarni bartaraf etishga ko`maklashish bo`yicha tashkil etilgan Respublika ishchi guruhi “Chinor” mahalla fuqarolar yig`inida o`tkazgan sayyor huquqiy targ`ibot tadbirida shu haqida so`z yuritildi, deb yozadi O`zA.

Fuqarolik ishlari bo`yicha Chust tumanlararo sudi sudyasi Iqbol Ko`chkinovaning ta`kidlashicha, oilaviy ajrimlarni yuzaga keltiruvchi omillar faqatgina er-xotin o`rtasidagi tushunmovchilik emas, qaynona-kelin munosabatlariga ham borib taqalmoqda.

Shuningdek, sudyaning so`zlariga ko`ra, yoshlarimizda majburiyatni his qilmaslik, oilaviy munosabatlarga sovuqqonlik bilan qarash, qizlarning erta nikohga uzatilishi, yashrin sha`riy nikohlarga yo`l qo`yilayotgani, to`y-hashamlarni dabdabali va serxaj tarzda o`tkazilayotgani, qimmatbaho sarpo-suruqqa ruju qo`yish, telefon orqali muloqot madaniyatining etishmasligi, ijtimoiy tarmoqlarga mukkasidan ketish va vertual xiyonatlarga yo`l qo`yilayotgani kabi holatlar ajrimlarning asosiy sabablari sifatida ko`rsatildi.

Muloqot chog`ida bunday noxush holatlarning oldini olishda mahalla fuqarolar yig`inlaridagi jamoatchilik komissiyalari faoliyatini yanada kuchaytirish lozimligi aytildi.

Sudya har qanday huquqiy muammo bo`yicha aholiga tushuntirish berishga doimo tayyorligini bildirdi. Bu maqsadda tumanlararo sudda haftaning ish kunlarida ertalabki 9.00dan kechki 18.00gacha qabullar ishlayotganini ma`lum qildi.

    Boshqa yangiliklar