AsosiyJamiyat

1 ming 300 dan ortiq haydovchi transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum etildi

'1 ming 300 dan ortiq haydovchi transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum etildi'ning rasmi

Toshkent viloyati IIB YHXB xodimlari yo`l-transport hodisalari va yo`l harakati qoidalari buzilishining oldini olish maqsadida tunu kun ishlamoqda. Jumladan, piyodalarning yo`llarda xavfsiz harakatlanishini ta`minlash, qoidabuzar haydovchi va piyodalarga nisbatan qonuniy chora ko`rish, aniqlangan avariyaviy o`choqlarni yo`q qilish maqsadida mobil ekipajlar tashkil qilinmoqda.

Bu kabi tadbirlarning o`tgan 3 oylik natijasi haqida Toshkent viloyati IIB YHXB Matbuot xizmati O`zAga xabar qildi. Xabarda joriy yilning o`tgan 3 oyida 2,5 mingdan ortiq mast holatdagi haydovchilar aniqlanib, belgilangan tartibda ma`muriy bayonnomalar rasmiylashtirilgani aytilgan. Ularning 400 nafari Toshkent shahar, Qoraqalpog`iston Respublikasi va qo`shni viloyatlarda istiqomat qilgani bois, ma`muriy bayonnomalar o`rnatilgan tartibda doimiy yashash joyiga yuborilgan.

Shuningdek, Toshkent viloyati Ma`muriy sudyalari tomonidan MJtKning 131-moddasi hamda 136-moddasining tegishli bandlariga asosan 1 ming 300 dan ortiq haydovchiga nisbatan chora qo`llanilib, transport vositasini boshqarish huquqidan turli muddatlarga mahrum etildi. 60 dan ortiq haydovchiga nisbatan ma`muriy qamoq jazosi qo`llanildi.

Viloyat hududida bolalar bilan bog`liq yo`l-transport hodisalarining oldini olish maqsadida muntazam o`tkazib kelinayotgan “Diqqat bolalar!” va “Diqqat piyoda!” tadbirlari ham yaxshi samara bermoqda.

Bu kabi tadbirlar doirasida piyodalar o`tish joylari sariq va oq rangli yotiq chiziqlar bilan qayta bo`yaldi. Ta`lim muassasalariga o`tish joylariga haydovchilar diqqatini tortuvchi va hushyorlikka chorlovchi belgilar o`rnatildi. Piyodalar, xususan, bolalar xavfsizligini ta`minlash maqsadida yo`l patrul xizmati xodimlari biriktirilib, yo`llarni xavfsiz kesib o`tish nazorat qilinmoqda.

Toshkent viloyati IIB YHXB xodimlari tomonidan ta`lim muassasalarida “Yo`l harakati qoidalari” darsi o`tilishi doimiy nazoratda. Maktab o`quvchilari e`tiboriga yo`l harakati qoidalarini targ`ib qiluvchi video roliklar namoyish etib boriladi.

Joriy yilning yanvar-mart oylarida Toshkent viloyatida 4 mingdan ortiq qoidabuzar piyoda aniqlandi. Ularning 1 ming 882 tasiga nisbatan ma`muriy chora ko`rilib, 108 million so`mdan ortiq jarima undirildi. 204 holat bo`yicha majburiy undiruv uchun sud idoralariga yuborildi. Ayni paytda 546 nafar piyodadan belgilangan jarimalarni undirish choralari ko`rilmoqda. Ular orasida 900 nafardan ortiq fuqaroga rasmiylashtirilgan bayonnomalar Toshkent shahar, Qoraqalpog`iston Respublikasi va qo`shni viloyatlarga jo`natilgan.

    Boshqa yangiliklar