Avval xabar qilganimizdek, joriy yil 25 aprel kuni Qozog`iston Respublikasi Ostona shahridagi “Korme” ko`rgazmalar markazida “III Evroosiyo xalqaro kitob ko`rgazma yarmarkasi” o`z faoliyatini boshladi.
Unda O`zbekiston Matbuot va axborot agentligi tizimidagi “O`zbekiston”, “O`qituvchi”, G`afur G`ulom, Cho`lpon nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uylari va boshqa qator nashriyot-matbaa korxonalarining besh yuzdan ortiq nomdagi mingga yaqin ijtimoiy-siyosiy, madaniy-ma`rifiy, ilmiy-ommabop, bolalar adabiyoti va badiiy asarlari ham namoyish etilmoqda.
Ushbu nashrlar bilan bir qatorda ko`rgazmada O`zbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assosiasiyasi tomonidan nashr qilingan "O`zbekiston obidalaridagi bitiklar" turkum nashrining 13 ta jildi hamda "O`zbekiston madaniy merosi dunyo to`plamlarida" xalqaro multimedia loyihasi doirasida Rossiya muzeylaridagi O`zbekiston madaniy merosiga bag`ishlangan 10 ta jild taqdimoti o`tkazilmoqda.
Ko`rgazmaning ochilish marosimida Qozog`iston Respublikasi Davlat kotibi Gulshara Abdikalikova, O`zbekiston Matbuot va axborot agentligi Bosh direktorining birinchi o`rinbosari, mamlakatimiz delegasiyasi rahbari Sobir Shukurov va boshqalar mazkur xalqaro ko`rgazmaning ahamiyati tobora yuksalib borayotgani, Evroosiyo mamlakatlarining nashriyot-matbaa yo`nalishida o`zaro tajriba almashishi, hamkorlik qilishi uchun qulay muhit yaratayotganini alohida ta`kidladi.






