AsosiyJamiyat

96 yoshli Berdirasul bobo bu yil Sochida dam oladi

'96 yoshli Berdirasul bobo bu yil Sochida dam oladi'ning rasmi

"1943 yil dekabr oyi. Qishning qahraton kunlari. 18 yoshimda armiyaga chaqirishdi.

Urush yillari odamlar qiyinchilik bilan ro`zg`or tebratayotgan paytlar. Xaltaga bir siqim mayiz, tutqoq va non olib, yo`lga otlandik. Ikki oy urushga tayyorgarlik ko`rgach, qo`limizga ikkita granata, bitta pilik miltiq berib, Belorussiyaga yuborishdi. Urushga Belorussiya ostonasida qo`shildik. Kuniga bir mahal kechga tomon to`rtta soldat ikki flyagada ovqat va qopda non ko`tarib keladi. Nemislarni Belorussiyadan Polshaga quvib chiqardik. Polshada o`q tegib, jarohatlandim. Ikki oy Ivanov nomli gospitalda davolandim. Gospitaldan 200 kishi besh kunlik egulik, avtomat, o`q-dori olib, yana urushga jo`nadik.

1945 yil 9 may. Elba daryosidan bir kilometr o`ng tomonda Gitlerning qarorgohi, chapda bir qavatli binoning markaziga 50-60 metr balandlikka g`alaba bayrog`i o`rnatib, ortga qaytdik. Tinchlik naqadar ulug` baxt ekanligini odamlarning yuz-ko`zidagi quvonchdan anglab etdim. Urush qiyinchiliklari bo`lsa-da, har bir stansiyada keksayu yosh, ayollar qo`llarida non, shirinliklar bilan bizlarni kutib olardi".

Ishtixon tumani Sheyxlarkenti mahallasida istiqomat qiluvchi Berdirasul bobo Aminov urushning achchiq xotiralarini aytarkan, beixtiyor ko`zlarida yosh qalqidi. Qariyb bir asrlik umri davomida yurt tinchligi, Vatan ravnaqi uchun o`z hissasini qo`shishga intilib yashagan boboning so`zlarida olam-olam hikmat mujassam. 3 o`g`il, 3 qiz, 24 nevara, 40 evarani yurtga sodiq qilib voyaga etkazgan, ularga o`z hayot tajribasini o`rgatgan bobo bugun ularning ardog`ida keksalik gashtini surmoqda.

– Mustaqilligimizga ko`z tegmasin, – deydi Berdirasul bobo Aminov. – Biz urushni ham, undan keyingi qiyinchilikni, ochlikni ham ko`rdik. Yurtimizda bo`layotgan o`zgarishlar, yaratilayotgan imkoniyatlar, erishilayotgan yutuqlarning barchasi shunga munosib bo`lib yashash kerakligini anglatadi. Ba`zan kuniga bir bo`lak qotgan non eb, kun kechirganimizni o`ylasam, bugungi to`y-ma`rakalardagi isrofgarchiliklarni ko`rib, qalbim larzaga keladi.

Prezidentimizning 2018 yil 16 apreldagi "Xotira va qadrlash kuniga tayyorgarlik ko`rish va uni o`tkazish chora-tadbirlari to`g`risida"gi Qarorida Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarining istaklari asosida Yalta va Kislovodsk shaharlaridagi hamda respublika hududlaridagi boshqa sanatoriylarga bir nafar kuzatuvchisi bilan birga bepul yuborishni tashkil etib, ularni zarur avia va temiryo`l chiptalari bilan ta`minlash belgilandi. Berdirasul bobo ham bu imkoniyatdan foydalanib, o`g`li bilan bu yil Sochida dam olishni maqsad qilibdi. Quvonchini ichiga sig`dira olmayotgan otaxon yurtimiz tinchligi bardavom bo`lishini, xalqimiz farovonligini yomon ko`zlardan asrashini tilab, duoga qo`l ochadi. Yurtboshimizning yuksak e`tibori, ehtiromi Berdirasul boboga kuch-quvvat bergan go`yo. Yuzidan nur yog`ilib turgan boboga sog`liq tilab, "Yuz bilan yuzlashing, bugunimizning, tinchligimizning sababchisisiz", deya xayrlashdik.

Nasiba JONTO`RAEVA.

"Zarafshon" gazetasi

    Boshqa yangiliklar