Prezidentning joriy yil 25 yanvardagi qarori bilan 2018 yilda shoshilinch va kechiktirib bo`lmaydigan tibbiy yordam tizimini jadal takomillashtirish chora-tadbirlari dasturi tasdiqlangan. Bu haqda Adliya vazirligining "Huquqiy axborot" kanalida ma`lum qilindi.
Unda, xususan:
- tez tibbiy yordam xizmatining sog`liqni saqlashning birlamchi bo`g`ini muassasalari bilan samarali integrasiyasini ta`minlash mexanizmlarini ishlab chiqish va joriy etish orqali tez tibbiy yordam xizmati samaradorligini, ko`rsatilayotgan xizmatlarning tezkorligi va sifatini oshirish;
- Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi, uning filiallari va tuman (shahar) tibbiyot birlashmalari shoshilinch tibbiy yordam bo`limlarini moddiy-texnika bazasini mustahkamlash;
- tez tibbiy yordam xizmati ixtisoslashtirilgan avtotransportini zamonaviy tibbiy uskunalar va raqamli radioaloqa vositalari (rasiyalar) bilan jihozlash va qo`shimcha jihozlash;
- shoshilinch tibbiy yordam tizimini jadal rivojlantirishni ta`minlaydigan ilmiy tadqiqotlarning ustuvor va istiqbolli yo`nalishlari hamda ilg`or texnologiyalarni hisobga olgan holda tibbiy kadrlar tayyorlash va malakasini oshirish tizimini takomillashtirish nazarda tutilgan.
Dasturni amalga oshirish uchun 37,45 mlrd. so`m va 10,34 mln. AQSh dollar sarflanishi rejalashtirilgan.
Qaror asosida butun respublika hududida tez tibbiy yordamni shoshilinch chaqirishga mo`ljallangan tunu-kun ishlaydigan yagona telefon raqamining uzluksiz faoliyatini ta`minlaydigan Call-markazlar tashkil etish belgilangan.






