2019 yil 1 yanvarga qadar muddatga bojxona to`lovlari to`lashdan ozod qilingan ayrim oziq-ovqat mahsulotlari va xomashyo turlari ro`yxatida tirik yirik qoramol, tirik qo`y va echkilar, yirik qoramol go`shti ham bor.
Adliya vazirligining telegramdagi «Huquqiy axborot» kanalida 2019 yil 1 yanvarga qadar muddatga bojxona to`lovlari to`lashdan ozod qilinadigan (bojxona rasmiylashtiruvi uchun yig`imlar bundan mustasno) oziq-ovqat mahsulotlari va xomashyolarning ayrim turlari haqida ma`lumot berildi.
Bular – tirik yirik qoramol; tirik qo`y va echkilar; yirik qoramol go`shti, barra yoki sovutilgan; barra, sovutilgan (muzlatilganidan tashqari) qo`y yoki echki go`shti; yangi va sovutilgan kartoshka; soya loviyasi, maydalangan yoki maydalanmagan; kungaboqar urug`i, maydalangan yoki maydalanmagan; kunjut urug`i; shakarqamish yoki lavlagi shakari va kimyoviy toza saxaroza, qattiq holatda kabi mahsulotlar.
Shuningdek, Prezidentimizning «Mamlakatning oziq-ovqat xavfsizligini yanada ta`minlash chora-tadbirlari to`g`risida»gi farmoniga asosan, bozorni sifatli, xavfsiz va arzon oziq-ovqat mahsulotlari bilan to`ldirish, agrar kompleksni rivojlantirish, ijtimoiy va davlat-xususiy sheriklikning ta`sirchan mexanizmlarini joriy etish, oziq-ovqat bozori barqarorligiga tahdidlarni o`z vaqtida bartaraf etish, oziq-ovqat tovarlari importini qulay bojxona-tarif tartibga solish bo`yicha choralarni belgilovchi «Oziq-ovqat xavfsizligi to`g`risida»gi qonun loyihasi ishlab chiqilmoqda.






