Samarqand tumanida gumondordan pora olgan ichki ishlar xodimi 6 yil ozodlikdan mahrum etildi.
IIB xodimi o`z kabinetida xizmat vazifasini suiiste`mol qilgan holda qonunga xilof ravishda 300 AQSh dollarini olayotgan paytda “tumshug`idan ilindi”,deb yozadi “Zarafshon” nashri.
Jasurbek (ismi o`zgartirib keltirilgan) 2017 yil iyulida yo`lda velosipedda ketayotgan bolani avtomobilda urib ketib, uning o`limiga sababchi bo`lgan jinoyatchini topishi kerak edi.
Gumondorlar orasida “Gaz-2788837” rusumdagi avtomobil egasi Uchqun (ismi o`zgartirilgan) ham bo`lgan.
IIB xodimi “kelisholsak, tergov-surishtiruv hujjatlarini qayta yozish hisobiga sizni jinoiy javobgarlikdan ozod qilish mumkin”, deb 500 AQSh dollari miqdorida pora so`ragan.
Uchqun “nimaga endi emagan somsaga pul to`lashim kerak ekan”, degan fikrga borib, tegishli idoralarga murojaat qilishga ahd qilgan, deb yozadi maqola muallifi.
Sud poraxo`r IIB xodimi ustidan tegishli moddalariga ko`ra 2 yil muddatga mansabdorlik va moddiy javobgarlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum etgan holda 6 yil qamoq jazosini qo`lladi.