Bundan bir necha kun avval 1 may kuni Samarqandga Nijnevartovskdan yo`lga chiqqan “Pobeda” raritet avtomobillari avtokarvoni kelishi haqida xabar bergan edik.
Bugun Samarqandga media-ekspedisiya ishtirokchilari rejalashtirilgan muddatdan avval etib kelishdi. Biroq mashinalarsiz.
Kecha 5 ta “Pobeda” va 2 ta “Patriot” avtomobillarida 15 nafar jahongashta rossiyaliklar Toshkent shahrida kutib olingan edi.

"Zarafshon" nashri xabariga ko`ra, jamoa a`zolari bugun Samarqandga kelib, shahardagi Motamsaro ona haykali maydonida urush faxriylari bilan uchrashdi.
Yoshi 90 dan oshgan Evgeniy Soldatov va Mixail Kolmogorov mehmonlar bilan muloqotda bo`lib, ularning savollariga javob berishdi.

Shundan so`ng mehmonlar Samarqanddagi tarixiy obidalarni ziyorat qilishdi.
— Biz 2018 yilgi ekspedisiyamizni II Jahon urushida front ortida mehnat qilganlarga bag`ishladik, deydi Anna Gribincha, Yugra Dumasi qoshidagi Yoshlar parlamenti a`zosi. – Biz ularga hurmat bajo keltirishni maqsad qildik.

Media-ekspedisiya tashkilotchilarining ta`kidlashicha, avtomobillarning Samarqandgacha etib kela olmaganining sababi issiq ob-havodir. Mashinalar bunday sharoitda tez qizib dvigatellari ishdan chiqishi mumkin ekan.

Rejaga ko`ra, media-ekspedisiya 9 mayda Nijnevartovskgacha etib borishi lozim.
Ushbu tadbir Rossiyaning Xanti-Mansiysk avtonom okrugi Dumasi qoshidagi Yoshlar parlamenti tomonidan tashkillashtirilgan.

Mashinalar Rossiya, Qozog`iston, Qirg`iziston hamda O`zbekiston shaharlaridan o`tib Toshkentgacha etib kelgan.
Zamira BOLTAEVA (foto)






