AsosiyJamiyat

“Sanoat gilam”: eksport hajmi oshmoqda

'“Sanoat gilam”: eksport hajmi oshmoqda'ning rasmi

Buxoro viloyati Kogon tumanida turkiyalik investorlar bilan hamkorlikda tashkil etilgan “SANOAT GILAM” qo`shma korxonasi samarali faoliyat ko`rsatmoqda.

Gilam ishlab chiqarishga ixtisoslashgan mazkur sub`ektning iqtisodiy salohiyati yildan-yilga oshib, mahsulot ishlab chiqarish hajmi kengaymoqda.

Masalan, o`tgan yili 2 million kvadrat metr gilam ishlab chiqarildi. Korxona mahsuloti nafaqat ichki, balki tashqi bozorda ham xaridorgir. Bultur uning 20 foizi, ya`ni 300 ming dollarlik mahsulot “Made in Uzbekistan” yorlig`i bilan Rossiya, Qirg`iziston va Tojikistonga eksport qilingan. Joriy yilda bu ko`rsatkich 400 ming dollardan oshishi kutilmoqda.

– Har qanday korxona uchun mahsulot tannarxi muhim omillardan biridir, – deydi “SANOAT GILAM” O`zbekiston – Turkiya qo`shma korxonasi bosh menejeri Erkin Rajabov. – Ilgari gilam ishlab chiqarish uchun zarur bo`ladigan polipropilenni katta mablag` evaziga Saudiya Arabistoni, Eron va Turkiya davlatlaridan xarid qilardik. Bir necha yildirki, bunga hojat qolmadi. Polipropilen granulasini Ustyurt-gaz kimyo majmuasidan sotib olib, undan sintetik ip-kalavani o`zimizda ishlab chiqaryapmiz. Shuning uchun ham gilam tannarxi nisbatan arzon.

Korxonada o`tgan yili yana bir biznes reja muvaffaqiyatli amalga oshirildi. Loyiha qiymati 3,1 million dollarga teng bo`lgan ip-gazlama ishlab chiqarish sexi faoliyati yo`lga qo`yildi. Unda Evropaning qator korxonalari dastgohlarida tayyorlanayotgan choyshabbop mato ichki bozorga etkazib berilmoqda. Yangi sex ishga tushirilishi bilan korxonada ish o`rinlari yana 42 taga ko`paydi.

O`zA xabariga ko`ra, ayni paytda qo`shma korxonada turkiyalik hamkorlar bilan kelishuvga muvofiq, yana bir loyihaning biznes rejasi ishlab chiqilmoqda. Unga ko`ra, bu erda kelgusi yili choyshabbop matodan tayyor mahsulot tikiladigan yangi yirik sex quriladi. Istiqbolda eksport tarkibidan tikuvchilik mollari ham o`rin oladi.

    Boshqa yangiliklar