1

Vijdon azobi

Mutolaa 02.05.2018, 13:39
Vijdon azobi

It o`ldi. Vijdon, insof, diyonat ham...

Ayol shularni xotirlab o`yga botdi. Mana chorak asr umr ko`ribdi. Kimningdir dilini og`ritgan bo`lsa bordir. U ham ham haqgo`yligi, halolligi uchun bo`lgan. Lekin ruhi hech qachon hozirgiday azob topmagan. Xayolida faqat bir savol charx uradi: “Gunohi bolalariga ursa-ya?”

Bo`lmag`ur fikrlaridan o`zi ham qattiq qo`rqdi. Ich-ichidan Xudoga yolvordi: “Ey, Tangrim! Bilaman, yaxshi-yomon ishlarimiz uchun jazoimiz tayin. O`zim qanday baloga giriftor bo`lsam ham mayli. Faqat qilmishimning qasosini bolalarimdan olmasang, bas. Aks holda...”

Eshik taqilladi. Ochsa, singlisi ekan. U singlisidan hech qachon sir yashirmagan. Hozir esa aytish-aytmasligini o`ylanib qoldi.

– Bir gap aytsam, hech kimga aytmaysanmi? – dedi oxiri ikkilanib.

– Tinchlikmi? – xavotirlandi singil.

– Qo`shnimning iti — Sharik... o`ldi.

– Yaxshi bo`pti. Uyingizga bemalol kelib-ketadigan bo`libman. Qachon qarama, meni ko`rdi deguncha akillab yugurardi. Qayoqqa qochishimni bilmay qolardim. O`sha qo`shningiz ham itini bog`lab qo`ysa, bir joyi kamayib qoladimi! – kuyib-pishib gapirardi singlisi.

Singlisining gaplaridan bir oz taskin topganday bo`lib, dedi:

– Kecha uy eshigim oldini axlatga to`ldiribdi. Uyga birov bemalol kelib-ketolmaydi. Bolalarimga yugurgani yugurgan. Tishlab olsa, yo biror kasal yuqtirsa nima bo`lardi? Qachongacha chidash mumkin?! Egalarining bo`lsa parvoyi palak, – dedi gunohkorona.

– Shunga motam tutib o`tiribsizmi? O`lsa o`lar, qutulibsiz qaytanga, – dedi singil opasiga tasalli bergan kabi.

– Nima qilay, jon achchig`ida uvillab, o`zini uy eshigimizga ura-ura, qiynalib tinchib qolganini unutolmayapman, – dedi hazin tovush bilan.

– Nima, itlar uvillab o`ladimi? – hayron bo`ldi singil. – Yo quturganmikan?

– Qayoqda... Doridan o`ldi.

– Qanaqa dori?

– Margimush!

– Kim beribdi?

– Biz... Pochchang ikkimiz...

– Esingiz joyidami? Axir bu gunoh-ku!

– Boshqa ilojimiz yo`q edi.

– Nega bo`lmas ekan?! Uni qishloqdagi qarindoshlarimizga berib yuborsangiz yoki uzoqroq biron joyga tashlab kelsanglar ham bo`lardi-ku. Siz men bilgan odamlar orasida eng haloli edingiz-ku! Nahotki shu ishga qo`l urdingiz-a? Xudodan qo`rqmadingizmi? Bolalaringiz bor, axir!

– Xuddi mana shu meni azoblayapti. Ming pushaymonman. Jonivor shunchalik qiynalib jon taslim qilishini bilmagan ekanman. U ko`z oldimdan ketmayapti.

– Endi bo`lar ish bo`libdi. Xudo yo`liga sadaqa qilib, qilmishingiz uchun tavba qilib, Yaratgandan kechirim so`rang.

– Shunday qilaman, – dedi shosha-pisha. – Bugungi kungacha o`zimni kechirolmaslik darajasida hech qanday ish qilmagandim. Mana, eng og`ir gunohga botib o`tiribman.

– Boshqa bunday qilmang, opa.

– Hech qachon, hech qachon bunday bo`lmaydi. Tavba qildim. Olloh yaratgan yaxshi-yomonning har qilig`iga sabr qilaman.

...U tirik jonga ozor bermaslikka qasam ichdi. Buyog`iga xotirjam yashayotganday. Bolalari ham tinchgina o`ynayapti. Huv narida narida esa, qo`shni bola itini eslab ko`zlarini yoshlayapti. Singlisi ham bemalol kelib-ketadigan bo`ldi. Chunki endi it yo`q. U o`ldi, axir...

Xosiyat RAJABOVA

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1