AsosiyJamiyat

Georgiy lentasining ma`nosi nima?

'Georgiy lentasining ma`nosi nima?'ning rasmi

Yana bir necha kundan keyin butun insoniyat Ikkinchi jahon urushida nemis-fashistlari ustidan qozonilgan g`alabaning navbatdagi sanasini nishonlaydi.

Ayrimlar 9 mayni eslash maqsadida bilib-bilmay ko`kraklariga qora va sariq rangdagi tasmalarni taqib yurishibdi.

Shu o`rinda bir narsani eslatishni o`zimning burchim, deb hisoblayman. Ba`zilar ko`kragiga taqib yurgan qora-sarg`ish rangli lentalarning ma`nosi nima?

Rossiya imperatori Ekaterina II o`z qo`shinlari olib borgan bosqinchilik janglaridagi qirg`in-barotda qahramonlik, shavqatsizlik namunalarini ko`rsatgan rus armiyasi zobitlarini mukofotlash maqsadida 1769 yili muqaddas Georgiy ordenini ta`sis etgan. Shundan boshlab uch qora va ikki sariq rangdagi yo`l chiziqlari bo`lgan tasma “Georgievskaya lenta” nomi bilan yuritila boshlandi.

Tasmadagi qora rang Rossiyada imperatorlik va davlat ramzi bo`lgan ikki boshli qora burgutni anglatsa, sariq rang rus davlati gerbi ramzidir. Tasmaning uchta qora rangi – qiynoqda jon berish ramzini, ikki sariq rang esa hayotning qaytishi, tirilish ma`nosini ham anglatadi. Lentadagi sariq, qizg`ish – urush, olov rangi bo`lsa, qora rang urushning doimiy hamrohi bo`lmish burqsib turgan tutun rangidir. Tarixdan ma`lumki, 1787 yili Suvorov qo`mondonligidagi rus harbiy floti Turkiya askarlari ustidan g`alaba qozonadi. Suvorov bu jangda ikki marta yarador bo`lgan edi. Shu paytda jangchilarga birinchi bor Georgiy lentasi medali bilan topshiriladi.

Demakki, bu qora-sarg`ish lentalar Ikkinchi jahon urushiga va ayniqsa, bizning qadim urf-odatlarimizga, milliy an`analarimizga aloqasi yo`q. Bizning o`z qadriyatlarimiz bor va ularni qadrlash siz bilan bizning vazifamizdir.

Mahmud Yo`ldoshev,

ruhshunoslik fanlari nomzodi.

    Boshqa yangiliklar