AsosiyJamiyat

Namangan viloyatida bir yo`la uchta bog`cha foydalanishga topshirildi

'Namangan viloyatida bir yo`la uchta bog`cha foydalanishga topshirildi'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta`lim vazirligining axborot xizmati ma`lumotlariga ko`ra, To`raqo`rg`on tumanidagi 10-davlat maktabgacha ta`lim muassasasi 120 o`ringa mo`ljallangan bo`lib, ota-onalar talab va istaklariga ko`ra bu erda 6 kunlik ish kuni joriy etilgan.

Beshta guruh faoliyati yo`lga qo`yilgan muassasada 14 nafar malakali pedagog xodim kichkintoylarga ta`lim-tarbiya beradi. Xonalar milliy qadriyatlarimizni aks ettiruvchi va bolalarni kitob o`qishga qiziqtiruvchi o`quv-metodik jihozlar, odob-axloqqa o`rgatuvchi o`yinlar va o`yinchoqlar, badiiy adabiyotlar bilan ta`minlangan. Tarbiyalanuvchilar uchun 25 ta o`yinchoq kompyuterlar to`plami keltirilib, 8 ta kuzatuv kamerasi o`rnatildi.

4.jpg

Muassasaning birinchi qavatida tibbiyot xonasi, oshxona va tarbiyalanuvchilar uchun yopiq suzish havzasi mavjud. Shuningdek, bolalar o`yin va sport maydonchalari, «Ertaklar shaharchasi» hamda yozgi ayvonchalar ham zamon talablari darajasida barpo etilgan.

Chust tumanidagi “Guliston” mahalla fuqarolar yig`ini hududida “Wonderkids` school” nomli nodavlat maktabgacha ta`lim muassasasi tashkil etilgani qishloq aholisini behad quvontirdi.

100 nafar bolani o`z bag`riga oladigan mazkur maktabgacha ta`lim muassasasida 6 nafar oliy ma`lumotli pedagog ta`lim-tarbiya ishlarini ingliz va rus tillarida olib boradi. Bu erda ham ota-onalar talablari inobatga olinib, 10,5 soatli guruhlar tashkil etildi. 3 qavatdan iborat bino hovlisida 5 ta yozgi ayvoncha, yozgi basseyn va zamonaviy o`yin maydonchalari mavjud.

Namangan shahar “Sardoba” mahalla fuqarolar yig`inidagi Sheroziy ko`chasida bo`sh turgan binoni haqiqiy ertaklar shaharchasiga aylantirgan tadbirkor Muhsin Boymatov va quruvchi Ismatillo Yusupovdan mahalla ahli juda minnatdor.

“Shirintoy gulg`unchalar” nomli ushbu nodavlat maktabgacha ta`lim muassasasi 100 o`rinli bo`lib, uning ish boshlashi bilan 21 yangi ish o`rni yaratildi. Ota-onalar talabidan kelib chiqib, bog`chada 12 soatli guruhlar tashkil etildi. Mashg`ulotlar o`zbek, ingliz va rus tillarida olib boriladi.

Muassasa 22 ta zamonaviy kuzatuv kamerasi bilan jihozlangani tarbiyalanuvchilarning ota-onalariga jarayonni internet orqali kuzatish imkoniyatini beradi. Musiqa xonasi, tibbiyot xonasi, oshxona va boshqa xonalarda yaratilgan sharoitlar ham zamon talablariga to`la javob beradi.

Muassasaning o`ziga xos jihati shundaki, bu erda binoning tom qismida xavfsizlik choralari ko`rilgan holda, tarbiyalanuvchilar uchun o`yin maydonchasi va yozgi ayvonchalar tashkil etilgan.

Bularning barchasi farzandlarimizni har tomonlama sog`lom va barkamol etib tarbiyalash, ularning zamonaviy bilimlarni puxta o`zlashtirishi uchun mustahkam poydevor vazifasini o`taydi.

    Boshqa yangiliklar