AsosiyJamiyat

Yozuvchilar «Zamonamiz qahramonlari» haqida yozish uchun xizmat safarlariga yuboriladi

'Yozuvchilar «Zamonamiz qahramonlari» haqida yozish uchun xizmat safarlariga yuboriladi'ning rasmi

2 may kuni O`zbekiston Yozuvchilar uyushmasida O`zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi bilan hamkorlikda “Ulug` xalq qudrati jo`sh urgan zamon!” deb nomlangan tadbir bo`lib o`tdi.

Uyushmaning matbuo xizmati xabar berishicha, O`zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi mutasaddilari, O`zbekiston Yozuvchilar uyushmasi mas`ullari, ijodkorlar va jurnalistlar ishtirok etgan tadbirni Uyushma raisining birinchi o`rinbosari Minhojiddin Mirzo ochib berdi.

Unda Uyushma a`zolarining ijtimoiy-ma`naviy faolligi va mas`uliyatini oshirish, yurtimizdagi bunyodkorlik va yaratuvchanlik ishlari bilan yaqindan tanishtirish, zamonamiz qahramonlari va qalbida yaratish shijoati jo`sh urib turgan yoshlar haqida badiiy va publisistik asarlar yozish, shu maqsadlar bilan mamlakatimizning turli hududlariga xizmat safarlariga jo`natish kabi ko`plab masalalar yuzasidan fikr almashildi.

Shuningdek, Iqtisodiyot vazirligi bosh boshqarmasi mutasaddilaridan Fazliddin Nasriddinov so`zga chiqib, mamlakatimizning 20 dan ortiq hududida barpo etilayotgan sanoat ob`ektlari qurilishi, bu inshootlarning xalqimiz hayoti farovonligidagi o`rni haqida ma`lumotlar taqdim etib, tadbir ishtirokchilarini qiziqtirgan savollarga javob berdi.

Tadbirda O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan yoshlar murabbiysi Saydi Umirov, O`zbekiston xalq yozuvchisi Muhammad Ali, Sharifa Salimova kabi taniqli shoir va yozuvchilar so`zga chiqib, bunday davr haqida albatta, yangidan-yangi she`ru dostonlar, qissayu romanlar, kino va teatr asarlari, qo`shiqlar yaratilishi lozimligini ta`kidlab o`tishdi.

    Boshqa yangiliklar