O`zbek ziyolilari Gdlyan va Ivanov guruhida bo`lgan barcha aybdorlarning ekstradisiyasini talab qilish kerak, deb hisoblashmoqda.
"O`zbekiston hududida o`zbek xalqiga qarshi sodir etgan jinoyatlarning asosiy ijrochisi sifatida Telman Gdlyanni jinoiy javobgarlikka tortish maqsadga muvofiq, deb hisoblaymiz. Shu munosabat bilan O`zbekiston Respublikasi prokuraturasi T.Gdlyanga nisbatan oshkora ayblovni ilgari surish uchun jinoiy ish qo`zg`atishi lozim", - deyishdi bir guruh ziyolilar.
Murojaat O`zAda chop etildi.
2018 yil 16 aprel kuni rossiyalik telejurnalist o`zining "Asr jumboqlari..." dasturida "paxta ishi" to`g`risidagi ko`rsatuvni namoyish etdi. Unda o`zbek xalqiga qarshi jinoyatlarning asosiy aybdori Telman Gdlyanga so`z berildi. Shuni ta`kidlash joizki, u asl qiyofasini ko`rsatdi.
O`z vaqtida sovet ommaviy axborot vositalarida chop etilgan maqolalarda "paxta ishi" Kremlda o`tirgan, qarib aqldan ozgan partiya rahbarlarining oddiy xatosi qilib ko`rsatilgan edi. Bu shunchaki ma`muriy xatomidi? Bu savolga javob olish uchun SSRIda paxta va boshqa ishlardan so`ng ro`y bergan siyosiy halokatni tahlil qilish kifoya. Mohiyatan, bu rejalashtirilgan siyosiy texnologiya natijasi bo`lib, undan SSRIdan ajralib chiqish xavfi vujudga kelgan mintaqalarda ongli ravishda "boshqariladigan tartibsizliklarni" tashkillashtirish uchun foydalanilgan.
Olti yil davomida - 1983 yildan 1989 yilga qadar SSRI Bosh prokuraturasining Gdlyan boshchiligidagi tergov guruhi O`zbekistonda faoliyat yuritib, o`zbek xalqining tinchligini buzgan, qo`rquvga olib, hukmini o`tkazgan. Yuzlab soxtalashtirilgan hujjatlar asosida begunoh odamlarni qamoqlarga jo`natgan. Ularning begunoh farzandlari va turmush o`rtoqlarini ham noqonuniy ravishda xibsga olgan. Hatto, tergov qilinganlarning ayrimlari tazyiq ostida o`z joniga qasd qilgan.
Ammo adolat qaror topdi. V.I.Ilyuxin boshchiligidagi tergov guruhi o`tkazgan tekshiruv davomida T.Gdlyan guruhi O`zbekiston mehnatkashlariga nisbatan soxta jinoiy ishlarni qo`zg`atib, ularni surishtirish davomida qo`pol qonunbuzarliklar sodir etgani o`z isbotini topdi.
Gdlyan guruhi tergovchilari fuqarolarni pora sifatida qimmatbaho buyumlar saqlashda ishtirok etgani to`g`risida o`zlariga nisbatan yolg`on ko`rsatmalar berishga majburlash orqali dalillarni sun`iy ravishda to`plagani aniqlangan. O`z aybiga "iqror" bo`lish xollari shu darajaga etib bordiki, hech bir jinoyatga aloqasi bo`lmagan shaxslar o`z yaqinlarini qutqarish maqsadida o`zi yig`ib qo`ygan mablag`lariga do`konlardan borib zargarlik buyumlarini xarid qilib, ularni Gdlyan guruhi tergovchilariga olib borib topshirishgan. Bu pullar esa, aslida, farzandu-nevaralarining to`ylari uchun yig`ilgan. Bu kabi "musodaralar" butun O`zbekiston bo`ylab o`tkazilgan edi. T.Gdlyan shaxsan o`zi tergov olib borishning noqonuniy uslubini joriy etgan, odamlarni qiynoqlarga solib, haqoratlab, noqonuniy xibsga olib, ko`rsatmalar berishga majburlagan.
1989 yil 25 may kuni Moskvada SSRI Bosh prokuraturasi tomonidan T.Gdlyan guruhi sodir etgan qonunbuzarliklar bo`yicha jinoiy ish qo`zg`atilgan. Uning o`zini esa korrupsiyada va tergov harakatlarini olib borishdagi boshqa noqnuniy harakatlarda ayblashdi.
Rasmiy hujjatlardan ko`chirmalar Gdlyan guruhining O`zbekiston hududidagi jinoiy faoliyatini tasdiqlaydi, ya`ni:
1. O`zbekistonda ishlarni ko`rib chiqish chog`ida T.Gdlyan shaxsan o`zi va uning tergov guruhi qonunlarni qo`pol ravishda buzib kelishgan, o`zbek xalqiga nisbatan zo`ravonlik, o`zboshimchalik, tahqirlash, haqoratlash va qadr-qimmatini toptashga yo`l qo`ygan.
2. Jinoiy-prosessual me`yorlar talablari, SSRI Bosh prokurorining buyruqlari inobatga olinmagan, bu og`ir oqibatlarga olib kelgan, begunoh fuqarolar xibsga olingan, konstitusion huquqlari g`ayriqonuniy ravishda cheklangan, ular asossiz jinoiy javobgarlikka tortilgan.
V.I.Ilyuxin tergov guruhi SSRI Oliy Kengashida T.Gdlyan va uning "sheriklari"ni jinoiy javobgarlikka tortish masalasi qo`yilgan edi, Gdlyanning ishi esa sudga yo`naltirilgan. Gap shundaki, o`sha kezlarda Gdlyan SSRI Oliy Sovetining deputati va shu vaqtning o`zida Armanistonning deputati edi. Deputatni jinoiy javobgarlikka tortish uchun parlamentning roziligini olish kerak. Ammo SSRI Oliy Kengashi V.I.Ilyuxin tergov guruhiga rad javobini berib, Gdlyanni faqat prokuraturadan ishdan olishga rozilik bergan.
O`zbekiston Respublikasi prokuraturasi Gdlyan va Ivanovlarning O`zbekiston hududida qilgan jinoyatlari yuzasidan jinoiy ish materiallarini yuborish to`g`risida bir necha bor xatlar bilan murojaat etgan. Ammo ular javobsiz qolgan.
Yuqorida bayon etilgan tamoyillardan kelib chiqqan holda, O`zbekiston hududida o`zbek xalqiga qarshi sodir etgan jinoyatlarning asosiy ijrochisi sifatida Telman Gdlyanni jinoiy javobgarlikka tortish maqsadga muvofiq, deb hisoblaymiz Shu munosabat bilan O`zbekiston Respublikasi prokuraturasi T.Gdlyanga nisbatan oshkora ayblovni ilgari surish uchun jinoiy ish qo`zgatishi lozim.
Sobiq Ichki ishlar vaziri o`rinbosari Toshtemir Qahramonov tomonidan boshlangan Xalqaro Gaaga sudiga murojaat yo`llash tartib-taomillarini davom ettirish hamda Interpol byurosi orqali Gdlyan va Ivanov guruhida bo`lgan barcha aybdorlarning ekstradisiyasini talab qilish kerak, deb hisoblaymiz. Ayni paytda jinoyatchilar aybini tasdiqlovchi etarli isbotlar mavjud. O`sha mudhish voqealar guvohlari va jabr ko`rganlar xali tirik. Gdlyan jinoyatlarining aybsiz qurbonlari, ularning yaqinlari adolat qaror topishini intizorlik bilan kutmoqda!
Shuhrat Salomov, tarixchi-publisist,
Mahmud Yo`ldoshev, psixologiya fanlari doktori,
Ollomurod Isoqulov, pensioner, Qashqadaryo viloyati IIB siyosiy bo`limining sobiq boshlig`i,
Shokir Dolimov, zaxiradagi podpolkovnik,
Akbar Mirzo, yozuvchi.






