Hukumatning 2018 yil 3 maydagi farmoyishiga muvofiq, Buxoro viloyatining Peshku tumanidagi Afshona qishlog`ida xalq tabobati markazi, ekobog` (qishki bog`), hovuz, milliy choyxona, tabiiy giyohlar, dorivorlar, alloma ijodi va tabobatga oid adabiyotlar savdo shoxobchasi, kutubxona hamda zamonaviy mehmonxonani o`z ichiga olgan Abu Ali ibn Sino merosi majmuasi barpo etiladi.
Bu haqda Adliya vazirligining "Huquqiy axborot" kanalida ma`lum qilindi.
Mazkur Majmua mahalliy va xorijiy investorlar mablag`larini jalb etilgan holda 2019 yilning avgust oyiga qadar ishga tushiriladi.
Buxoro aeroporti va temir yo`l vokzalidan Afshona qishlog`iga xavfsizlikni ta`minlagan holda turistik avtobus, mikroavtobus va taksi xizmatlari tashkil etiladi.
Farmoyishda shuningdek, Abu Ali ibn Sino dovrug`ini jahon miqyosida yanada keng targ`ib qilish bo`yicha muntazam ravishda xorijiy mamlakatlar, ayniqsa buyuk olim haykali o`rnatilgan Fransiya, Avstriya, Belgiya, Turkiya, Eron va Tojikiston davlatlari delegasiyalarining O`zbekistonga tashriflarini tashkil etish ham nazarda tutilmoqda.






