AsosiyJamiyat

Basseynlardan foydalanish tartibi belgilandi

'Basseynlardan foydalanish tartibi belgilandi'ning rasmi

Suzish sportini rivojlantirish chora-tadbirlari to`g`risidagi Hukumat qarori (VMQ-333, 03.05.2018 y) qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligining "Huquqiy axborot" kanalida xabar qilindi.

Qaror bilan 2018-2021 yillarda suzish sport turlarini rivojlantirish dasturi tasdiqlandi. Dasturga ko`ra bolalar-o`smirlar, ayniqsa uyushmagan yoshlar o`rtasida "Yosh olimpiyachilar" "Olimpiya umidlari", qizlar o`rtasida sinxron suzish bo`yicha "Suv parisi", suv sporti turlari bo`yicha "Nafosat olami" sport musobaqalari tashkil etiladi.

Hududlarda suzish bo`yicha malakali mutaxassislarni tayyorlash maqsadida seminarlar tashkil etiladi. Basseynlarni yil davomida faoliyat yuritishi uchun ularni elektr va gaz ta`minoti bilan to`liq ta`minlash choralari ko`riladi.

Basseynlarning ekspluatasiyasi jarayonlariga mas`ul bo`lgan xodimlarni (filtrlovchi, dezinfektor, va shu kabilarni) tayyorlash uchun maxsus kurslar ochiladi.

Basseynlarga kirish joylarida videokuzatuv va turniket moslamalari o`rnatiladi.

Qaror bilan shuningdek Byudjet mablag`lari hisobiga moliyalashtiriladigan basseynlarda shug`ullanish va ulardan foydalanish tartibi to`g`risidagi nizom tasdiqlandi.

Nizomga ko`ra basseynlarning sog`lomlashtirish guruhlariga etti yoshdan boshlab (agar chuqurligi bir metrdan oshiq bo`lmagan basseyn bo`lsa, to`rt yoshdan boshlab) barcha xohish bildirgan shaxslar qabul qilinishi mumkin.

Shug`ullanuvchilar basseynlarning sog`lomlashtirish guruhlariga qabul qilingan kundan e`tiboran ularga basseynga kirish va suv xavzasidan foydalanishga ruxsat beriladi.

Sog`lomlashtirish guruhlarida mashg`ulotlar jarayoniga 45 daqiqa (akademik soat) hamda shug`ullanuvchilar echinib-kiyinishi va yuvinishi uchun 15 daqiqa vaqt belgilanadi.

Agarda bir oilaning ikki va undan ortiq farzandi basseynda shug`ullansa, ulardan har birining shug`ullanishi uchun belgilangan oylik to`lovining 70 foizi miqdorida to`lov amalga oshiriladi.

Basseynlarda shug`ullanish istagini bildirgan shaxslar ushbu basseyn tegishli bo`lgan muassasaga quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:
  • ariza (voyaga etmagan shaxslar uchun ularning ota-onalari yoki ularning o`rnini bosuvchi shaxslar tomonidan);
  • shaxsni tasdiqlovchi hujjatlar (pasport yoki tug`ilganlik haqidagi guvohnoma);
  • 086-u-shakldagi tibbiy ma`lumotnoma, teri tanosil vrachi va kardiolog tomonidan shug`ullanishga berilgan ruxsatnoma;
  • shug`ullanuvchining sport musobaqalarida erishgan natijalarini tasdiqlovchi hujjatlar (agar mavjud bo`lsa);
  • shug`ullanuvchining 3,5 x 4,5 sm o`lchamdagi 4 dona rangli fotosurati;
  • shug`ullanuvchining sport pasporti nusxasi, agar mavjud bo`lsa (hujjatlarni topshirish vaqtida sport pasportining asl nusxasi ko`rsatiladi);
  • shug`ullanuvchining avvalgi shug`ullangan sport muassasasidan shug`ullanganligini tasdiqlovchi ma`lumotnoma (agarda shug`ullangan bo`lsa).

    Boshqa yangiliklar